Yoshlar bilan muloqot — orzularga qanot bo‘lmoqda
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bandligi va ijtimoiy faolligini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashida yoshlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etish an’anaga aylangan. Viloyat kengashining eshiklari yoshlar uchun doimo ochiq bo‘lib, ularni qiynayotgan masalalarni o‘rganish, huquqiy maslahat berish, ish bilan ta’minlash, mehnat munosabatlari, ta’lim va ijtimoiy himoya kabi yo‘nalishlarda amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
Har payshanba kuni tashkil etilayotgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” muloqotlari yoshlarning fikr va takliflarini tinglash, ularni o‘ylantirayotgan muammolarga birgalikda yechim topishda muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.

Navbatdagi ana shunday ochiq muloqot O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashida bo‘lib o‘tdi. Unda yuzga yaqin yoshlar ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutasaddilar bilan bevosita muloqot qildi.
— Bugungi Yangi O‘zbekistonni bilimli, tashabbuskor va fidoyi yoshlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biz uchun har bir yoshning taqdiri, uning muammosi va orzu-intilishlari muhim. Kasaba uyushmalari tizimi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnat huquqlarini himoya qilish va munosib ish sharoitlarini yaratishda doimo yelkadosh bo‘ladi. Eng muhimi, yoshlar o‘z muammosi bilan yolg‘iz qolmasligi kerak, — dedi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev.

Uchrashuv davomida mehnat huquqlari, munosib ish o‘rinlari yaratish, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlari, imtiyozlar va ijtimoiy himoya masalalari xususida atroflicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglandi.
— Bugungi uchrashuv biz yoshlar uchun juda foydali bo‘ldi, — deydi Maftunaxon Ahmadjonova. — O‘zimizni qiziqtirgan savollarga bevosita rahbarlardan javob oldik. Ayniqsa, mehnat huquqlari va ish bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha berilgan ma’lumotlar men uchun muhim bo‘ldi. Eng muhimi, yoshlarning fikri eshitilayotgani bizga katta ruh va ishonch beradi.
Shuningdek, tadbirda so‘z olganlar bu kabi ochiq va samimiy muloqotlar yoshlarning muammolarini o‘z vaqtida bartaraf etish, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.

Spelling error report
The following text will be sent to our editors: