Gender tenglik va ayollar manfaatlari yo‘lidagi muhim muloqot
Farg‘ona viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi tashabbusi bilan Quvasoy shahridagi “Ahmad Al-Farg‘oniy” dam olish uyida “Kompleks gender yondashuv asosida davlat organlari va tashkilotlarida genderga oid audit o‘tkazishning tartib-tamoyillari” mavzusida o‘quv-seminari tashkil etildi.

Mazkur tadbir davlat va jamoat tashkilotlarida gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Seminarda davlat organlari va tashkilotlarida gender masalalari bo‘yicha mas’ul mutaxassislar, kasaba uyushmalari tizimi xodimlari, ta’lim va ijtimoiy sohalar vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida ishtirokchilar tashkilot ichki siyosatida gender tenglikni baholash, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish mexanizmlari bo‘yicha atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Seminarda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi o‘rinbosari Lolaxon Ahmedova hamda Farg‘ona davlat universiteti O‘zbekiston tarixi kafedrasi mudiri, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori N. Alimovaning gender tenglik, ijtimoiy himoya va ayollarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Mutaxassislar tomonidan gender auditi jarayonlarini samarali tashkil etish, ish joylarida teng imkoniyatlarni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘rtasida savol-javoblar, fikr va takliflar almashinuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan “Kasaba uyushmalari – ayollar manfaati yo‘lida” shiori ostida o‘tkazilgan “Tashkilotlarda gender tenglik masalasida ayollarga yaratilgan sharoit” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari ham taqdirlandi.
Tanlov g‘oliblaridan biri — Farg‘ona viloyati Toshloq tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Nasibaxon Saydmatova bunday tadbirlar gender tenglik sohasidagi bilim va tajribalarni yanada boyitishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

— Ushbu ko‘rik-tanlovda g‘olib bo‘lish men uchun katta sharaf. Seminar davomida gender tenglikni ta’minlash, ayollar uchun yanada qulay mehnat muhitini yaratish bo‘yicha muhim bilimlarga ega bo‘ldik. Bu kabi muloqotlar tajriba almashish va yangi tashabbuslarni ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etadi, — dedi u.
Mazkur o‘quv-seminar davlat va jamoat tashkilotlarida gender tenglik madaniyatini yuksaltirish, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash hamda mehnat jamoalarida sog‘lom va adolatli muhitni qaror toptirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi

Spelling error report
The following text will be sent to our editors: