“Kasaba uyushma kubogi”ni Toshloqlik tibbiyot xodimlari qo‘lga kiritdi
Farg‘ona shahridagi “Samo” sport majmuasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari o‘rtasida “Sog‘lom tanda — sifatli tibbiyot” shiori ostida “Kasaba uyushmalari kubogi” sport musobaqasi o‘tkazildi.

Mazkur musobaqada tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 300 nafardan ortiq tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.
Ular sportning voleybol, stol tennisi, futbol, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha o‘zaro bellashib, “Kasaba uyushma kubogi”ni qo‘lga kiritish uchun bor jijoatlarini ishga soldilar.
— Ushbu musobaqani tashkil etishdan asosiy maqsad — tibbiyot xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va jismoniy faollikni oshirishdir, — deydi Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyat kengashi raisi Shohidaxon Karimova. — “Sog‘lom tanda — sifatli tibbiyot” shiori ham bejiz tanlanmagan, chunki sog‘lom shifokor — jamiyat salomatligining muhim omilidir. Bunday musobaqalar ular uchun nafaqat dam olish, balki jamoaviy ruhni mustahkamlash imkoniyatini ham yaratadi.

Musobaqaning har bir sport turi qizg‘in va murosasiz kechdi. Ayniqsa, g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq har bir sportchi va jamoalarda sezilib turdi. Eng kuchli va mahoratli ishtirokchilar finalgacha yetib keldilar.
Yakuniy natijaga ko‘ra, har bir sport turi bo‘yicha o‘zi mahoratini namoyish etgan
Toshloq tuman tibbiyot xodimlari 1-o‘rinni egallab, “Kasaba uyushma kubogi”ni qo‘lga kiritdi. Shu bilan birga jamoaga 30 million so‘mlik sertifikat topshirildi.

Gʻoliblarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi

Spelling error report
The following text will be sent to our editors: