“Kasaba uyushma kubogi” so‘xlik ustozlarga nasib etdi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan mehnat jamoalari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, xodimlarni ommaviy sportga jalb etish maqsadida ko‘plab sport musobaqalari o‘tkazilib kelinmoqda.
Bu esa xodimlarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish bilan birga, o‘z mahoratlarini namoyish etish uchun ham ajoyib imkoniyat bo‘lmoqda.

Farg‘ona shahridagi “Samo” sport majmuasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan “Sog‘lom tanda — sifatli ta’lim” shiori ostida “Kasaba uyushmalari kubogi” sport musobaqasi yuqori saviya va ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
Musobaqada viloyatning barcha shahar va tumanlarida saralash bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 200 nafardan ortiq ta’lim xodimlari qatnashdi.
Ular sportning voleybol, mini-futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdilar.
Bellashuvlar davomida ishtirokchilar nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki iroda va jamoaviy hamjihatlik borasida ham o‘zlarni namoyon etdilar. Ayniqsa, So‘x tumani jamoasi musobaqa davomida yuqori mahorat, puxta tayyorgarlik va ahillik namunasini ko‘rsatib, jamoaviy hamda yakkalik bahslarida ustunlikka erishdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, so‘xlik ustozlar musobaqaning mutloq g‘olibi sifatida “Kasaba uyushma kubogi”ni qo‘lga kiritdi.
— Avvalo, shunday nufuzli sport musobaqasini yuqori saviyada tashkil etgan viloyat kasaba uyushlaridan minnatdormiz, — deydi Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi So‘x tuman bo‘linmasi kengashi raisi Muhammadjon Suyunboyev. — Musobaqa juda qizg‘in va murosasiz kechdi. Viloyatimizning turli hududlaridan kelgan ta’lim xodimlari bilan bellashish biz uchun ham katta tajriba bo‘ldi. Eng muhimi, bu kabi tadbirlar ustozlarni bir maqsad atrofida birlashtiradi.

Gʻolib jamoa O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashining maxsus kubogi, 30 million so‘mlik pul mukofoti hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ta’kidlash joiz, bunday sport tadbirlari ta’lim xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va jamoalar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi

Spelling error report
The following text will be sent to our editors: