O‘zbekiston: Qudrat manbai, saodat maskanidir!
Mustaqillik zamirida erkin va farovon hayot, tinchlik va osoyishtalik kabi buyuk ne’matlar mujassam. Shuning uchun ham mustaqillikni – buyuk ne’mat deymiz.
Yurtimiz bo‘ylab istiqlol shukuhi kezib yuribdi. Biz uchun eng ulug‘, eng aziz ayyom orzularimizga qanot baxsh etgan, kelajakka ishonchimizni mustahkamlagan kun sifatida qadrlidir. Mustaqil taraqqiyot yillarida hayotimizning barcha jabhalarida erishilgan yuqori o‘sish sur’atlari bilan bugun har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi. Eng muhimi, Vatan taraqqiyoti, mamlakatdagi o‘zgarishu yangilanishlar samarasi yurtdoshlarimiz turmush farovonligi, xonadonlardagi qut-baraka, tinchlik-osoyishtalik timsolida o‘zining yorqin ifodasini topayotir.
Shu ma’noda, mamlakatimiz istiqlolini, u bilan bog‘liq tarixiy sana va voqea-hodisalarning mohiyatini chuqur anglash va qadrlash, har tomonlama munosib nishonlash ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotimizda alohida o‘rin tutadi.
Kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan xalqimiz 1991 yil 31 avgustda muqaddas orzusiga erishdi – jonajon Vatanimiz o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritdi.
Bu yil istiqlolimizga 34 yil to‘lmoqda. Mustaqilligimizning 34 yilligi «Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!» ezgu g‘oyasini o‘zida mujassam etgan holda o‘tkazilishi xalqimizning qalbiga ajib bir ma’naviy harorat baxsh etmoqda. Ushbu shior farg‘onalik yurtdoshlarimizni ham xayrli tashabbuslar sari undamoqda.
Ha, keyingi sakkiz yil ichida odamlarning dardini o‘rganish, ularning muammolari bilan ishlash, xalq bilan xalqchil muloqot o‘rnatishga alohida e’tibor berildi. Bu ham bo‘lsa, barcha islohotlar zamirida inson manfaatlari mujassamligi, “Inson qadri uchun” tamoyilining ustuvorligidan dalolatdir.
Mustaqillik yurtdoshlarimiz ongu shuurida shukronalik bilan birga, Vatan ravnaqiga daxldorlik tuyg‘usini ham uyg‘otdi. Shu tuyg‘u shukuhi bugun mamlakatimiz bo‘ylab olamshumul bunyodkorlikka, aholining turmush farovonligiga zamin yaratmoqda.
Ayniqsa, istiqlol bayrami shukuhi kezib yurgan shu kunlarda o‘tkazilayotgan turli tadbirlarda fuqarolarning hayotdan roziligi, ertangi kunga bo‘lgan qat’iy ishonchini mustahkamlash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi ezgu g‘oyalar o‘z aksini topmoqda.
Fidoyi xalqimizning orzu-umidlari bisyor. Qaysidir ma’noda bu orzularning ro‘yobga chiqishida kasaba uyushmalarining ham munosib hissasi bor. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz bir qator yutuq va natijalar bilan kirib kelmoqda. Aslida esa, bu O‘zbekistonimiz orzularimiz ro‘yobida qudrat manbai, saodat maskani ekanligidan nishonadir.
Abror Otaboyev,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: