“Bilimdon” oromgohi bolajonlar uchun o‘z bag‘rini ochdi.
Yozgi ta’tilni mazmunli va maroqli o‘tkazish maqsadida Farg‘ona tumanida joylashgan so‘lim va xushmanzara “Bilimdon” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi yangi mavsumni boshladi.
Oromgohning birinchi bosqichida 200 nafar o‘g‘il-qiz dam olish va sog‘lomlashtirish uchun qabul qilindi.
Oromgohning birinchi bosqichiga yo‘l olgan bolajonlarni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi kuzatib qo‘yar ekan, bolajonlarni ta’tilning har bir kunidan unumli foydalanishga, yangi do‘stlar orttirishga, bilimlarini boyitishga chaqirdi.

Shuningdek, oromgohda dam oluvchilarning xavfsizligi, salomatligi va mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilganini ta’kidlab, bolajonlarga maroqli hordiq tiladi.
Mazkur oromgohda bolalarning har tomonlama dam olib, hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bolajonlar 12 kun davomida qiziqishlariga mos turli to‘garak va klublarda ishtirok etib, o‘z iqtidor va qobiliyatlarini namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, ular uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, intellektual bellashuvlar va qiziqarli uchrashuvlar tashkil etiladi.

— Men bu yil birinchi marta “Bilimdon” oromgohida dam olyapman. Bu yerdagi sharoitlar menga juda yoqdi. Endi do‘stlarim bilan maza qilib hordiq chiqaramiz, — deydi 4-sinfni tamomlagan Imronbek Gʻanijonov.
Oromgohda tarbiyalanuvchilar bilan malakali pedagoglar va tajribali murabbiylar ish olib bormoqda. Ular bolalarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallashlariga ko‘maklashish bilan birga, ularning xavfsizligi va tartib-intizomiga ham alohida e’tibor qaratadilar.
Bolalar salomatligini muhofaza qilish masalasi ham doimiy e’tibor markazida. Shu maqsadda oromgohda malakali tibbiyot xodimlari faoliyat yuritib, dam oluvchilarning sog‘lig‘ini muntazam nazorat qilib bormoqda.

“Bilimdon” oromgohida bolajonlarning maroqli hordiq chiqarishi uchun barcha qulayliklar muhayyo etilgan.

Xususan, zamonaviy sport maydonchalari, suzish havzasi, kitobsevarlar uchun o‘zbek va jahon adabiyoti namunalari jamlangan boy kutubxona, dam olish va madaniy tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan maskanlar ularning xizmatida.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi

Spelling error report
The following text will be sent to our editors: