Jamoaning kayfiyati a’lo darajada
Farg‘ona viloyati Musiqali drama teatrining 2023-2025 yillar uchun tuzilgan jamoa shartnomasining 2023 yilda bajarilishi yakunlari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Ayni paytda teatr jamoasida 89 nafar ishchi-xodim mehnat qilib kelmoqda. Ular tomonidan sahnalashtirilayotgan bir-biridan ajoyib teatr tomoshalari kattayu kichik tomoshabinlarga birdek manzur bo‘lmoqda.
Albatta, ularning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari amaldagi jamoa shartnomasi orqali himoya qilib kelinmoqda. Ta’kidlanganidek, jamoa shartnomasida mehnat muhofazasi, xodimlar daromadini oshirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, salomatliklarini mustahkamlash, sayohatlar uyushtirish kabi muhim masalalar o‘rin olgan.
Ish beruvchi va kasaba uyushma qo‘mitasining hisobotidan ham ko‘rinib turibdiki, jamoa shartnomasiga kiritilgan barcha bandlar bajarilgan.
Moddiy ko‘mak so‘rab murojaat qilgan 11 nafar xodimga kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan yordam ko‘rsatildi. 4 nafar xodim O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi sihatgohlarda salomatligini mustahkamlab qaytdi. Jamoada ko‘p yillar ishlagan, o‘zining fidoyiligi bilan o‘rnak bo‘lib kelayotgan xodimlar Xiva, Toshkent kabi shaharlarga sayohatga yuborildi.
Yordamga muhtoj xodimlar doimo kasaba uyushma va ma’muriyatning e’tiborida. Shu bois ham yangi o‘quv yili boshida kam ta’minlangan, yordamga muxtoj xodimlarning farzandlariga maktab o‘quv qurollari olib berildi.
Bir so‘z bilan aytganda, teatr jamoasining samarali ijod qilishi, o‘z ustilarida ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: