Sarson bo‘lgan “dekret puli”
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashining aralashuvi bilan “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ ishchisi Sarvinoz Meliqo‘ziyevaga zavoddan jami 8 mln. 501 ming so‘m homiladorlik va tug‘ish ta’tili uchun nafaqa puli undirib berildi.
Qiziq holati shundaki, Sarvinoz Meliqo‘ziyeva 2022 yil noyabrda Fuqarolik-huquqiy shartnomasi bo‘yicha 28-kasanachilik syexida shartnoma asosida tikuvchi sifatida ish boshlaydi. 2023 yilda 3 iyulda mehnatga layoqatsiz varaqasiga asosan homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqadi va kerakli hujjatlarni taxt qilib ma’muriyatga topshiradi.
Ma’muriyat esa u bilan faqatgina fuqarolik-huquqiy shartnomasi tuzilganini vaj qilib, go‘yoki “siz bizning xodim emassiz, shunchaki fuqarolik shartnomasi bo‘yicha ishlayapsiz xolos. Bunday holatda zavod sizga hech qanday mehnatga layoqatsizlik varaqasi uchun pul to‘lab bermaydi”, degan bahonalarni ro‘kach qiladi.
Ish beruvchining bu kabi qaroridan norozi bo‘lgan Sarvinoz Meliqo‘ziyeva huquqiy ko‘mak so‘rab, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashiga murojaat qiladi. Kasaba uyushma huquqshunoslari murojaatni o‘rganish davomida bir qancha qonunbuzilish holatlarini aniqlaydi.
Bu bo‘yicha ish beruvchiga taqdimnoma kiritadi. Biroq ish beruvchi bunga panja orasidan qaraydi. Natijada O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi Sarvinoz Meliqo‘ziyevani manfaatlarini himoya qilib, sudga da’vo ariza kiritadi.
Sud “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MCHJdan Sarvinoz Meliqo‘ziyevaga homiladorlik va tug‘ish ta’tili uchun nafaqa puli undirib berish bo‘yicha qaror chiqardi.
Avazxon TURAXODJAYeV,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi bosh yuriskonsulti.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: