Munosib mehnat – munosib hayot asosidir
Ma’lumki, 2008 yildan buyon mehnat huquqlari va ijtimoiy adolatni ta’minlash maqsadida 7 oktyabr – Butunjahon munosib mehnat kuni sifatida keng nishonlanadi.
Sana munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan “Munosib mehnat – munosib hayot asosidir” shiori ostida viloyat kabag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi va Savdo-sanoat palatasi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi hamkorligida seminar tashkil etildi.
Unda viloyat Kengashi apparati xodimlari, Respublika tarmoq kasaba uyushmalarining viloyatdagi mas’ul rahbarlari hamda tuman-shahar Kengashlari raislari, paxtachilikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan Milliy monitoring hududiy ishchi guruhlari a’zolari ishtirok etdi.
Tadbirda har bir tashkilot, korxona, muassasalarda ishchi-xodimlarga sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratish, xodimlar salomatligining muntazam nazorati, xavfsizlik texnikasi, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar hamda kasb kasalliklarining oldini olish borasida kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, yurtimizda olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida oxirgi yillarda ish haqi bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etish, fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish jarayonini soddalashtirish, davlat tashkilotlarida ishlovchi xodimlarning mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish kabi masalalar samarali hal etilmoqda.
Ayniqsa, mehnat qonunchiligining takomillashtirilayotgani, mehnat kodeksi va “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunga aholi turli toifalari uchun mehnat kafolatini kuchaytirishga yo‘naltirilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilayotganligi, “Mehnat muhofazasi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinganligini ta’kidlash o‘rinlidir.
Tadbirda mehnat bozorining muhim institutlari, ya’ni mehnat inspeksiyalari, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ish beruvchilarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish borasida o‘zaro fikr almashildi.
Seminar so‘nggida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga tegishli soha mutaxassislari tomonidan javob qaytarildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: