Xayriniso va Gulchiroyga 69 mln. so‘m ish haqi undirib berildi
Xayriniso Mahmudova Quvasoy shahar kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limida bosh mutaxassis lavozimida ishlab kelayotgan edi. Biroq shtatlar qisqarishi tufayli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining 15.08.2023 yilgi buyrug‘i bilan bekor qilinadi. Lekin unga hech qanday ish o‘rni taklif etilmaydi. Bu orada u ishsiz qolib ketaveradi. Ishga tiklanish masalasida ko‘p joylarga ko‘mak so‘rab bordi, lekin natijasi bo‘lmadi.
Furqat tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi xodimi Gulchiroy Axmedovaning ham boshiga xuddi shunday vaziyat tushdi. U ham ish beruvchining buyrug‘i bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadi. Ish beruvchi esa “sizlarning shtatlaringiz qisqartirildi”, degan vaj bilan ularni osongina ish bo‘shatadi.
Har ikkala xodim ishdan nohaq bo‘shatilganidan norozi bo‘lib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashiga ariza bilan murojaat qiladi.
Ularning murojaati kengash huquqshunoslari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqiladi. O‘rganish davomida xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda ish beruvchi tomonidan bir qator qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘ladi.
Aslida esa ularning ish shtatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 1 iyundagi PF-82-sonli Farmoniga asosan yangi tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligiga o‘tkaziladi.
Vaholanki, ularni ish joyi qisqartirish emas, mehnat shartnomasini shartlariga o‘zgartirish deyiladi. Ya’ni ular mehnat qilib kelgan muassasa Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashishdan Ijtimoiy himoya milliy agentligiga o‘tkaziladi. Bunda esa ularning shtatlari saqlanib qolinishi ko‘z tutilgan. Soddaroq til bilan aytganda, ularning vazifasi Prezident qaroriga asosan yangi tashkil etilgan ijtimoiy himoya agentligiga o‘tkazilgan.
Shunday bo‘lsa-da ishdan bo‘shatilgan xodimni ishga tiklash bo‘yicha ish beruvchilar bilan muzokaralar uzoq davom etdi.
Kasaba uyushmasi aralashuvi bilan g‘ayriqonuniy ishdan bo‘shatilgan xodimlarning mehnatga oid buzilgan huquqlari sudda himoya qilinadi.
Sudning qarori bilan Gulchiroy Axmedova Ijtimoiy himoya milliy agentligi Furqat tumaniga va Xayriniso Mahmudova Quvasoy bo‘limiga ishga tiklandi. Ularga majburiy progul kunlari uchun jami 69 mln. 461 ming so‘m ish haqi va ma’naviy zarar pullari undirib berildi.
Avazxon TURAXODJAYeV,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi bosh yuriskonsulti.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: