To‘lovlar undirib berildi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashiga navbatdagi murojaat Oltiariq tuman Sanitariya Epidemiologiya-Osoyishtalik va jamoat salomatlik bo‘limi xodimlaridan kelib tushdi.
Ular tarif stavkalariga, ya’ni lavozim maoshiga 15 foiz miqdorida ustama puli to‘lanmasdan kelinayotganidan norozi bo‘lib, to‘lovlarni undirib berishda ko‘mak so‘ragan.
Ma’lum bo‘lishicha, qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish to‘lovlarini undirib berishga yordam so‘ragan Gulbahor Asranqulova, Abduhalil Qodirov, Arabboy Siddiqov, Ahmadbek Ahmadjonov, Umid Xamraliyev va Yuldashali Mirzayev Oltiariq tuman SEO va JSBda bir stavkada sanitariya gigiyena vrach yordamchisi lavozimida ishlab kelmoqda.
O‘rganishlar davomida murojaatchilarning vaji asosli bo‘lib chiqdi. Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi 276-sonli “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat muassasalari tibbiyot va farmasevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lash tartibi va shartlari to‘g‘risida”gi Nizomning 1.19-bandida Sanitariya-epidemiologiya xizmati muassasalari xodimlariga “Sog‘liq uchun xavfli va mehnat sharoitlari og‘ir bo‘lgan, ularda ishlash xodimlarning tarif stavkasi (lavozim maoshiga) 15 foiz miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilash huquqini beradigan” lavozimlar ko‘rsatib o‘tilgani, unga ko‘ra vrach-epidemiologlar, entomologlar, parazitologlar, sanitariya vrachlari yordamchilari, elektromagnit maydonlari labaratoriyalari texnikalari va labarantlar kirishi ham ko‘rsatib o‘tilgan. Lekin shunga qaramay, Oltiariq tuman SEO va JSBda sanitariya vrachlari yordamchisi vazifasida ishlovchi xodimlarni tarif stavkalariga 15 foiz ustama puli to‘lanmasdan kelingan.
Olib borilgan tushuntirish va muzokalar naf bermagach, ish sudda ko‘riladigan bo‘ldi. Sud Oltiariq tuman Sanitariya Epidemiologiya-Osoyishtalik va jamoat salomatlik bo‘limidan sanitariya gigiyena vrach yordamchisi Abduhalil Qodirovga 9 mln., Yuldashali Mirzayevga 9 mln. 164 ming, Ahmadbek Ahmadjonovga 6 mln., Arabboy Siddiqovga 8 mln., Gulbahor Asranqulovaga 4 mln. 529 ming, Umid Xamraliyevga 2 mln. 909 ming so‘m lavozim maoshiga 15 foiz qo‘shimcha to‘lovlar undirish bo‘yicha qaror chiqardi.
Qolaversa, Oltiariq tuman Sanitariya Epidemiologiya-Osoyishtalik va jamoat salomatlik bo‘limiga kelgusida qo‘shimcha to‘lovlarni to‘lab borish majburiyati yuklatildi.
Zafarjon QURBONOV,
Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mehnat huquq inspektori.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: