Bolalar mehnatiga qarshi kurash — kelajak avlod huquqlarini himoya qilishning muhim omili
Har yili 12-iyun sanasi dunyo hamjamiyati tomonidan Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni sifatida keng nishonlanadi.

Ushbu sana 2002 yilda Xalqaro mehnat tashkiloti tashabbusi bilan ta’sis etilgan bo‘lib, bolalar mehnatining barcha shakllariga qarshi kurashish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, munosib ta’lim olishi hamda sog‘lom voyaga yetishini ta’minlashga qaratilgan muhim xalqaro tashabbus hisoblanadi.
Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi tashabbusi asosida Oltiariq tumanidagi “Oltiariq” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida “Bolalar mehnatiga qizil kartochka: Bolalar uchun adolatli o‘yin, kattalar uchun munosib mehnat!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir va sport musobaqalari tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi oʻrinbosari A.Salihov va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati Kengashi raisi E.Nuraliyevlar ishtirok etdi.
— Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad bolalarning huquqlari, ta’lim olish va dam olish imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishdan iborat, — deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi o‘rinbosari Lolaxon Ahmedova.

Tadbir davomida oromgoh tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Bolajonlar o‘zlarining ijodiy va sahnaviy iqtidorlarini namoyon etib, yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdilar.
Ayniqsa, yoshlarning harbiy vatanparvarlik ruhidagi chiqishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, Vatanga muhabbat, yurt tinchligi va osoyishtaligini qadrlash g‘oyalarini yanada mustahkamladi.

Shuningdek, sana munosabati bilan bolalar o‘rtasida rasm chizish tanlovi hamda shaxmat, shashka va stol tennisi bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazildi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda ishtirokchilar o‘z bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar. Tanlov va musobaqalar nafaqat bolalarning iqtidorini yuzaga chiqarishga, balki ular o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga ham xizmat qildi.

Tadbir yakunida musobaqalarda faol ishtirok etgan hamda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan oromgoh tarbiyalanuvchilari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Bunday tadbirlar bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, bolalar mehnatiga qarshi kurashish borasida jamiyatning mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Zero, har bir bola bilim olish, orzu qilish va baxtli bolalikni his etish huquqiga ega. Ularning huquqlarini ta’minlash esa barchamizning vazifamizdir.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.

Spelling error report
The following text will be sent to our editors: