“Bilimdon” bolalar oromgohi foydalanishga topshirildi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumani “Log‘on” MFY hududida “Bilimdon” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi foydalanishga topshirildi. Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida qad rostlagan mazkur oromgoh farg‘onalik bolajonlar uchun chinakamiga o‘ziga xos bayram tuhfasi bo‘ldi.
Oromgohning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Farg‘ona viloyati hokimligi, keng jamaotchilik vakillari, ziyolilar, elimiz ardog‘idagi ustoz-murabbiylar, taniqli ijodkor va san’atkorlar, nuroniylar, mahalla faollari, ota-onalar hamda bolajonlar ishtirok etdilar.
Oromgohning ochilishida ishtirok etgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari, Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi respublika Kengashi raisi, Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti direktori Anvarjon Abdumuxtorov va Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovlar Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yosh avlod kelajagi uchun ulkan imkoniyatlar yaratib berilayotgani, ularning har tomonlama yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, umuman, har bir sohasida amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlarning eng avvalo inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilganligini alohida ta’kidladilar.
Yangi oromgoh 200 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, mavsum davomida 5 navbatda jami 1000 nafar o‘g‘il-qiz yozgi dam olishni mazmunli o‘tkazishi va miriqib hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Jahon standartlariga to‘liq javob bera oladigan uslubda bunyod etilgan ushbu maskanning barpo etilishiga 48 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilganligining o‘ziyoq mamlakatimizda yosh avlod vakillarini ma’nan va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga ko‘tarilganligining yorqin dalilidir.
Maskanga qadam qo‘yar ekansiz, beg‘ubor bolalik onlarining go‘zal taassurotlariga oshno bo‘lasiz. Mazkur maskanda o‘quvchilarning maroqli va mazmunli dam olishlari uchun o‘ndan ortiq to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Barcha qulayliklarga ega madaniyat va ma’rifat markazi, o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari o‘rin olgan kutubxona, to‘garak xonalari, madaniy tadbirlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan tantanalar maydoni, yarim ochiq amfiteatr, tibbiyot xonasi, jahon standartlari talablariga javob beruvchi suzish havzasi, sport va bolalar maydonchalari, zamonaviy loyihalar asosidagi yotoq binolari, barcha shart-sharoitlar va qulayliklarga ega bo‘lgan oshxona bolajonlarning esda qolarli dam olishiga xizmat qiladi.
— To‘g‘risi, farzandimning shunday maskanda dam olayotganidan judayam xursandman, — deydi oromgohning birinchi dam oluvchilaridan bo‘lgan Muharramoy Mahmudovaning onasi Mohigul Djumanova. — Oromgohdagi sharoitdan ko‘z quvnab, dil yayraydi. Bolajonlarning hordiq chiqarishi uchun nima zarur bo‘lsa, hammasi muhayyo qilingan. Sport maydonchalari, bezatilgan ayvonchalar, cho‘milish havzasidagi zilol suv, turli tomoshalarga mo‘ljallangan sahna, oshxona, kutubxona, to‘garak xonalari, shinam va ozoda yotoqxonalarni ko‘rib havasingiz keladi.
Oromgohning ilk dam oluvchi o‘g‘il-qizlari oromgohga borgan kuniyoq bir olam taassurotlarga ega bo‘lishdi. Mazali taomlar, miriqib o‘ynash uchun sport maydonchalari, zamonaviy dizayndagi xonalar bolalarga quvonch bag‘ishlab, yozgi ta’tilni sermazmun o‘kazishiga munosib tuhfa bo‘ldi.
Shubha yo‘qki, “Bilimdon”da hordiq chiqarib, bolalik gashtini surayotgan bolajonlar, albatta, o‘z bilim va iqtidorlari bilan ota-onalarini xushnud etishadi.
Tantanali tadbirda yangi barpo etilgan oromgohning haqiqiy egalari bo‘lgan aziz bolajonlarga “Bilimdon” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohining ramziy kaliti topshirildi.
Taniqli san’atkorlar tomonidan ijro etilgan Vatanni, istiqlolni va baxtli bolalikni tarannum etuvchi dilbar taronalar kechaga yanada fayz kiritdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: