Xodim foydasiga 92 mln. 407 ming so‘m undirildi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashiga “Asakabank” AJ Farg‘ona filiali xodimi Tolibjon Mansurov ish beruvchi tomonidan unga ish haqiga qo‘shimcha to‘lovlar vaqtida to‘lanmayotganligidan norozi bo‘lib murojaat yo‘lladi.
Uning murojaati o‘rganilganda ish beruvchi tomonidan qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Ya’ni, “Asakabank” AJ Farg‘ona filiali kasaba uyushmasi raisining 2020 yil 16 oktyabrdagi 76-sonli yig‘ilish bayoni hamda “Asakabank” Aksiyadorlarining 2020 yil 16 oktyabrdagi 3-sonli umumiy yig‘ilish bayoni bilan “Asakabank” xodimlarini mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Nizomi tasdiqlangan.
Ushbu Nizomning 21-bandida “Bank mutaxassislarining kasbiy vakolati uchun individual ustamalar Boshqaruv raisi raisligida faoliyat yurutuvchi Komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi. Komissiya ko‘rib chiqishi uchun egallab turgan lavozimidan qa’ti nazar xodimlarning lavozim maoshlariga 30 sh.b gacha bo‘lgan miqdorida individual ustamalar belgilash masalasi kiritiladi. Bunda Komissiya har bir xodimning malakasi, vakolati, mahorati, bank rivojiga qo‘shgan hissasini hisobga oladi. Individual ustamalarning miqdori Komissiya to‘g‘risidagi nizom bilan tasdiqlangan, taqdim qilinayotgan mezonlarga asosan belgilanadi” deb, ko‘rsatilgan.
22-bandiga asosan filial boshqaruvchisi boshlig‘ining taklifi bo‘yicha xodimlarga individual ustamalar bank bo‘yicha buyruq bilan rasmiylashtirilishi belgilangan.
27-bandida “Tasdiqlangan individual ustamalar bank xodimlariga haqiqiy ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda har oyda to‘lanadi” deb, belgilangan.
Lekin T.Mansurovga bank tizimida 29 yildan ortiq muddat ishlab kelgan bo‘lsa-da, unga 2022 yil 1 oktyabr kuniga qadar ustama to‘lovi to‘lanib, 2022 yil oktyabr, noyabr, dekabr va 2023 yil yanvar, fevral va mart oylari uchun jami 52 mln. 638 ming so‘m ustama to‘lovi to‘lanmagan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi hamda “Asakabank” AT banki o‘rtasida ijtimoiy rivojlantirish borasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, mehnat shartlari va unga haq to‘lash, xodimlarning ijtimoiy kafolatlarini belgilab berish bo‘yicha 2020-2022 yillarga tuzilgan tarmoq kelishuvi mavjud.
Mazkur Tarmoq kelishuvi O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bilan “Asakabank” AT banki o‘rtasida tuzilgan bo‘lib, tarmoqni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy yo‘nalashlarini, mehnat shartlari va unga haq to‘lashni, mehnat qilayotgan xodimlarning mehnatga oid munosabatlarini tartibga soluvchi normativ hujjat ekanligi ko‘rsatilgan.
Tarmoq kelishuvining 39-bandida “Xodimlarning Bank tizimidagi umumiy stajini inobatga olgan holda xodimlarga ish staji uchun qo‘shimcha haq to‘lash ularning lavozimlaridan qat’i nazar amalga oshiriladi. Mazkur qo‘shimcha haq to‘lash shtatdan tashqari bo‘lgan xodimlarga nisbatan tadbiq etilmaydi”, deb belgilangan.
57-bandida Xodimlarning qo‘shimcha haq to‘lash uchun hisobga olinadigan mehnat staji Bosh Bankda Xodimlar bilan ish olib borish boshqarmasi, filialllarda esa Xodimlar bilan ish olib borish bo‘limi (xizmat, sektor) tomonidan mazkur Nizomga asosan belgilanib, oyma-oy nazorat qilib borilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Mazkur talab 2019 yil 4 iyundagi “Asakabank” AJ banki Boshqaruv raisi hamda O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublikasi Kengashi raisi o‘rtasida kelishib tasdiqlangan 2019-2021 yillar uchun tuzilgan Jamoa shartnomasining 5.7, 5.8, 5.9-bandlari hamda 2022 yil 18 fevral kungi mehnat jamoasining 12-sonli umumiy yig‘ilishida tasdiqlangan 2022-2024 yillar uchun tuzilgan Jamoa shartnomasining 5.16-bandida ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Biroq, “Asakabank” AJ Farg‘ona filiali tomonidan T.Mansurovga mazkur jamoa shartnomalariga zid ravishda 2021 yil fevraldan 2023 yil 1 fevral kuniga qadar jami 40 mln. 296 ming so‘m bank tizimidagi ish staji uchun asossiz ravishda qo‘shimcha ish haqi to‘lanamaganligi aniqlandi.
Mazkur ish sudda ko‘rib chiqildi. Sudning qarori bilan “Asakabank” AJ Farg‘ona filialidan manfaatdor shaxs Tolibjon Mansurov foydasiga mehnat haqi shakli va tizimidagi qo‘shimcha to‘lov, ustamlar uchun jami 82 mln. 407 ming so‘m ish haqi hamda 10 mln. so‘m ma’naviy zarar undirish belgilandi.
Avazxon TO‘RAXO‘JAYEV,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi bosh yuriskonsulti.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: