O‘zbekiston tashabbuslariga BMT yuksak baho bermoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida dunyo hamjamiyati uchun muhim bo‘lgan ko‘plab masalalar yechimiga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surildi.
Jumladan, Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining bu galgi sessiyasida yana bir bor barchani e’tiborini Afg‘onistonga qaratdi. Davlatimiz rahbari nufuzli minbardan turib Afg‘oniston muammosini hal etish yo‘lida birlashish, jafokash Afg‘on xalqini o‘z muammolari bilan yolg‘iz qoldirish katta xato ekanligini ta’kidlab o‘tdilar. Bugungi murakkab vaziyatda insonparvarlik yordamini davom ettirish, Afg‘onistonning muzlatilgan aktivlarini ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirishga chaqirdilar. Bu fikrlar esa ishtirokchilar tomonidan iliq qarshi olindi.
O‘zbekiston Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida tashqi siyosatda alohida e’tirof etadi. Shuningdek, O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik muzokaralari, ushbu mamlakatni iqtisodiy qayta tiklash, elektrlashtirish, temir yo‘l qurilishi kabi yirik loyihalarda faol ishtirok etmoqda. Keyingi yillarda yaqin qo‘shnichilik aloqalari, savdo-sotiq, ikki tomonlama hamkorlik tobora keng quloch yoyib bormoqda.
Davlatimiz rahbari yana bir muhim jihatga to‘xtalib, bizga tinch va barqaror, mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida ishtirok etadigan, qo‘shnilari va boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklik uchun ochiq Afg‘oniston kerak, dedilar.
Prezidentimiz jahon jamoatchiligi e’tiborini o‘tkir ekologik muammolaridan biri — Orol halokatiga qaratdi. Buguni dunyoning eng muhim va dolzarb masalalaridan biri bu – ekologik muammolardir. Xususan, Orol muammosi allaqachon mintaqaviy darajadan, global darajaga chiqib ulgurdi.
Ushbu global muammo bo‘lgan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida O‘zbekiston o‘z imkoniyatlari darajasida harakat qilmoqda. So‘nggi yillarda Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar maydonda qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan iborat yashil hududlar barpo etildi. Albatta, bu sa’y-harakatlarni davom ettirish uchun xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlashi juda muhim.
Hech kimga sir emas, bugungi kunda dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilmoqda. Davlatimiz rahbari bejizga yuksak minbardan turib Orol halokatini ko‘tarmadi. Orolning qurishi faqat O‘zbekiston, Markaziy Osiyo uchun emas, balki butun dunyo uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ham bu muammoni butundunyo birgalikda hal qilishi lozimligi aytildi.
Prezidentimiz ushbu sessiyada gender tenglik masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Xususan, O‘zbekistonda gender tenglik bo‘yicha tub islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, o‘tgan yili oliygohlarga qabul qilingan talabalarning deyarli teng yarmini qizlar tashkil etdi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi esa birinchi marta 35 foizga yetdi.
Alohida e’tibor berish kerakki, xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” tizimi ham o‘zini to‘liq oqladi hamda ko‘pgina ayollarning hayotida tub burilish yasadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qolaversa, ayollar va voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida alohida qonun qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari nutqlari davomida muhim taklif bilan chiqdilar. “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, tashabbus sifatida ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun kelgusi yili O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazishni taklif etdilar. Bu esa BMT va xalqaro miqyosda qizg‘in kutib olindi.
Yashirishning hojati yo‘q, bundan bir necha yillar ilgari ommaviy paxta terimiga chiqishlar edi. Bugun baralla aytish mumkinki, mamlakatimizda majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi. Bir asr mobaynida O‘zbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etib kelindi. Har yili sentyabr oyidan dekabrgacha aholining asosiy qismi — o‘qituvchi va shifokorlar, tadbirkorlar, ishchi va xizmatchilar, eng achinarlisi, maktab o‘quvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinar edi. Buning natijasida o‘zbek paxtasiga boykotlar e’lon qilingan, mamlakat esa yillar davomida “qora ro‘yxat”larga kiritilgan edi.
Prezidentimizning qat’iy irodamiz tufayli endi bularning barchasi o‘tmishga aylandi. Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod bo‘ldi.
O‘z o‘rnida, BMT Bosh kotibi O‘zbekiston prezidentining Bosh Assambleyaning 72-sessiyasidagi nutqi nihoyatda mazmundor bo‘lganini ta’kidladi. Antoniu Guterrishning fikricha, O‘zbekiston rahbari BMTning yuksak minbaridan turib bildirgan tashabbuslar muhim ahamiyatga ega va o‘z vaqtida ilgari surildi. Bosh kotib ushbu tashabbuslarni xalqaro maydonda ilgari surishga ko‘maklashishga tayyorligini qayd etdi.
Davlatimiz rahbarining yuksak minbarda so‘zlagan nutqida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surilgani jahon hamjamiyatida katta qiziqish o‘yg‘otdi va yuksak baholandi.
Erkinjon Nuraliyev,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: