MEHNAT KODEKSINING BILIMDONLARI ANIQLANDI
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan 2023 yil dekabr va 2024 yil yanvar oylarida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ijroiya Qo‘mitasining 2022 yil 9 noyabrdagi 7-5-sonli “2022 yil 28 oktyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi to‘g‘risida”gi Qarorining ijrosini ta’minlash hamda yangi qabul qilingan Mehnat kodeksining mazmun-mohiyatini kasaba uyushmalari faollariga samarali yetkazish va bilimlarini oshirish maqsadida “Mehnat kodeksini bilasizmi?” tanlovi tashkil etildi.
Tanlovda tarmoq kasaba uyushmalari Respublika Kengashlarining viloyat, tuman va shaharlardagi mas’ul rahbarlari, viloyat Kengashi apparati xodimlari hamda tashkilotlardagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislari ishtirok etdilar.
– Tashkiliy qo‘mita tomonidan “Mehnat kodeksi”ning har 25 ta moddasidan tayyorlangan 15 tadan test savollari maxsus guruhda 23 kun davomida berib borildi. Ishtirokchilardan test savollariga 15 daqiqa ichida tezkorlik bilan to‘g‘ri javob berish talab etildi. Tanlov jarayonida jami 375 ta test savollari bazasi yaratildi. Tanlovda 18 nafar ishtirokchi g‘olib deb topildi, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi bo‘lim mudiri Abror Otaboyev.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, tanlov doirasida ishtirokchilar mehnatga oid munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladigan asosiy Qonunimizning mazmun-mohiyatini yanada teranroq anglab yetdilar.
Shuningdek, g‘oliblar ishtirokida super final tashkil etildi. Unda barcha savollarga to‘g‘ri javob bergan Toshloq tumani tibbiyot birlashmasi kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Faridaxon Mirzaahmedova Mehnat kodeksining eng bilimdoni deb topildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat Kengashida Axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari A.Ahmedov va Metallurgiya va mashinasozlik sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari Sh.Isroilovlar ishtirokida g‘oliblarni tantanali ravishda taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov g‘oliblariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat Kengashining diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: