Jamoa shartnomasi ijrosi muhokama qilindi
“Uzsungwoo” MCHJ qo‘shma korxonasi mehnat jamoasining 2022-2024 yillar uchun imzolangan Jamoa shartnomasining o‘tgan yilda bajrilishi bo‘yicha konferensiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 70 nafar delegat ishtirok etdi.
Konferensiyada Metallurgiya va mashinasozlik sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi A.Xaqulov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisi E.Nuraliyev hamda konferensiya delegatlari ishtirok etdilar.
Unda korxona bosh direktorining 1-o‘rinbosari Sh.Sattorov hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi M.Qosimovalar Jamoa shartnomasi ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida xodimlar oldida hisobot berdilar.
Manzuraxon Qosimovaning ta’kidlashicha, 2023 yilda ishchi-xodimlar manfaati yo‘lida Jamoa shartnomasi bandlarining bajarilishi bo‘yicha tizimli ishlar olib borilgan.
Jumladan, korxona ishchi-xodimlari bepul issiq ovqat, bepul transport xizmati bilan ta’minlab kelinmoqda. Bundan tashqari, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida hamda yurtimizning tarixiy qadriyatlari bilan tanishish va e’zozlash maqsadida 41 nafar ishchi-xodimlarning Xorazm viloyati va Toshkent shahridagi tarixiy va diqqatga sazovor joylariga sayohatlari tashkil etildi.
30 nafarga yaqin korxona xodimlari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi sihatgohlarda o‘z salomatliklarini tikladilar. Shuningdek, 31 nafar ishchilarning farzandlari imtiyozli ravishda yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida maroqli dam oldilar.
Kasaba uyushma qo‘mitasi mamlakatimizdagi bayram sanalarini yuqori saviyada nishonlash maqsadida mehnat jamoasi o‘rtasida turli ko‘rik-tanlov va musobaqalar, sport tadbirlari o‘tkazish va faol ishtirokchilarni munosib taqdirlashni an’anaga aylantirgan. Bundan tashqari, ish beruvchi va kasaba uyushma qo‘mitasi xodimlarning yaxshi-yomon kunlarida yelkadosh bo‘layotgani muzokaralar chog‘ida alohida e’tirof etildi.
Konferensiya natijalariga ko‘ra, 2024 yilda kasaba uyushmasi a’zolarini ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish ishlarini yanada yaxshilash maqsadida Jamoa shartnomasiga 2024 yilda kiritiladigan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar ma’qullandi hamda so‘zga chiqqanlar tomonidan Jamoa shartnomasi ijrosi qoniqarli deb topildi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: