BOSHLANGʻICH TASHKILOT FAOLIYATIGA BAGʻISHLANDI
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashida «Boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti faoliyatini yo‘lga qo‘yish” mavzusida navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tgan seminarda viloyat studiyasidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi apparati xodimlari, Respublika tarmoq kasaba uyushma Kengashlarining viloyatdagi rahbarlari hamda tuman-shahar studiyalari orqali tarmoq kasaba uyushmalari hududlardagi rahbarlari ishtirok etdi.
Seminarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi bo‘lim mudiri Abror Otaboyev tomonidan kasaba uyushmalarining asosi – boshlang‘ich tashkilot ekanligi, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti bir yoki bir nechta ish beruvchida ishlaydigan yoki tegishli ta’lim muassasasida o‘qiydigan kasaba uyushmasi a’zolarining tegishli kasaba uyushmasi ustavi asosida faoliyat ko‘rsatadigan ixtiyoriy birlashmasi ekanligi aytib o‘tildi.
Ma’ruzada ta’kidlanishicha, boshlang‘ich tashkilotni tuzish va tarmoq tamoyili bo‘yicha kasaba uyushmasi xizmatiga o‘tish to‘g‘risidagi qaror kasaba uyushmasi a’zolarining ta’sis yig‘ilishi (konferensiyasi) tomonidan qabul qilinadi hamda bu haqda 10 kun muddatda kasaba uyushmasi xizmatiga o‘tmoqchi bo‘lgan yuqori kasaba uyushmasi organiga xabar qilinadi.
Tarkibiy tuzilmasidagi bo‘lim, bo‘linmalari yuridik shaxs bo‘lgan korxona, tashkilot, muassasa, birlashmalarda yagona kasaba uyushmasi tashkilotini yoki birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasini tuzish to‘g‘risidagi qaror kasaba uyushmasi Markaziy kengashining Rayosati tomonidan qabul qilinadi.
Seminarda boshlang‘ich tashkilot o‘z faoliyatini tashkilot rahbar organlarining saylab qo‘yilishi, boshlang‘ich tashkilot va uning saylab qo‘yiladigan organlari ishida kollegiallik, oshkoralik, qarorlar qabul qilish chog‘ida munozara erkinligi va qabul qilinganidan keyin so‘zsiz bajarilishining ta’minlanishi, boshlang‘ich tashkilot saylab qo‘yiladigan organlarining o‘z tashkiloti va yuqori kasaba uyushmasi organlari oldida ularga berilgan vakolatlar doirasida hisobot berishi hamda kasaba uyushmalari a’zolarining teng huquqliligi tamoyillar asosida olib borishi aytib o‘tildi.
Shuningdek, qizg‘in savol-javoblar tarzida o‘tkazilgan seminarda boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti ish rejasi faoliyatning asosiy maqsadlarini va ularga erishish yo‘llarini belgilashi xususida ham so‘z bordi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: