ISHSIZLIK JUDA CHORASIZ HOLATGA TUSHURIB QO‘YARKAN
Gap shundaki, men Farg‘ona viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish boshqarmasining Farg‘ona shahar bo‘limida salkam 16 yil ishladim. Faoliyatim davomida nogironligi bo‘lgan, ishsiz va mehnat bozorida ish topishga qiynalgan, shuningdek, ish joyi qisqartirishga tushib mehnat shartnomasi bekor qilingan fuqarolarni ishga joylashtirish bilan shug‘ullanib kelganman.
Taqdir taqazosi bilan joriy yilning iyul oyida bo‘lim tomonidan mening ham mehnat shartnomam ish joyim qisqarganligi asos sifatida ko‘rsatilib bekor qilindi. Mehnat shartnomamni bekor qilinishida mening ishda qolishdagi imtiyoz va huquqlarim – malakam va mehnat unumdorligim, Jamoa shartnomasidagi huquqlarim, qaramog‘imda 2 nafar voyaga yetmagan farzandlarim borligi va yolg‘iz boquvchisi ekanligim inobatga olinmadi.
Ishsiz qolish juda qiyin ekan. Bandlik bo‘limiga ish izlab kelayotgan ko‘plab ishsiz fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini, kechinmalarini ich-ichimdan his qildim. Ishsiz yurgan 4 oydan ortiq davr mobaynida juda qiynaldim.
Mehnatga oid huquqlarimni himoya qilish uchun boshqarma boshlig‘iga murojaat qilganimda murojaatim boshqarma boshlig‘i va boshqarmaning bosh yuristkonsulti, Davlat mehnat inspeksiyasi hamda kadrlar bo‘limi boshliqlari ishtirokida o‘rganilib, menga mehnatga oid huquqlarim buzilmaganini ma’lum qilishib, murojaatim asossiz ekanligini aytishdi.
Bir zumda… O‘zimni ojiz va najotsiz qolgandek his qildim. Xayolimdan farzandlarimning taqdiri va kelajagi haqidagi tuganmas savollarga javoblar o‘ta boshladi.
Shundan so‘ng umid bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisining qabuliga bordim. Kengash raisiga menga nisbatan bo‘layotgan adolatsizliklar haqida batafsil tushuntirib, menga mehnatga oid huquqlarimni himoya qilishda amaliy yordam berishlarini so‘radim.
Murojaatim kasaba uyushmasining huquqshunoslari tomonidan o‘rganildi. Buni qarangki, o‘rganish davomida ish beruvchining mening mehnat shartnomamni bekor qilishdagi buyrug‘i qabul qilinishida o‘ndan ortiq qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yganligi aniqlandi.
Kasaba uyushmasi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudiga mening manfaatlarimni ko‘zlab, avvalgi lavozimimga ishga tiklash to‘g‘risida da’vo arizasi kiritildi.
Sudda adolat qaror topdi! Mamlakatimizda Qonunlar qog‘ozda qolib ketmayotganligi va amalda ishlayotganiga yana bir bor amin bo‘ldim.
FIB Farg‘ona tumanlararo sudining sudyasi D.Sultonov ishni har tomonlama adolatli ko‘rib chiqib, Farg‘ona viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi Farg‘ona shahar bo‘limining meni ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi buyrug‘ini g‘ayriqonuniy deb topib, bekor qildi.
Qarorda meni avvalgi lavozimimga ishga tiklash hamda bekor yurgan kunlarim uchun 20 mln. so‘mga yaqin ish haqi undirilishi belgilandi.
Endi ishondimki, kasaba uyushmalari ishchi-xodimlarning haqiqiy suyanchig‘i ekan. Adolat qaror topishida menga ko‘mak ko‘rsatgan kasaba uyushmalariga o‘zimning minnatdorchiligimni bildiraman.
Soha fidoyilari bor ekan, barcha ishchi-xodimlarning mehnatga oid huquqlari hamisha himoyadadir!
Endigi faoliyatim davomida ish so‘rab kelgan fuqarolarga bor imkoniyatimdan kelib chiqib ishga joylash choralarini ko‘raman.
Oldinlari shunchaki yo‘llanma orqali bo‘sh ish o‘rinlariga yuborgan bo‘lsam, endi o‘zim birga borib ishga joylashtiraman. Chunki ishsizlik juda chorasiz holatga tushurib qo‘yishini boshimdan o‘tkazdim.
Minavvarxon Mamatova,
Farg‘ona shahri.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: