Yangi O‘zbekiston – dunyo hamjamiyati nigohida!
11-noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan Farg‘ona shahridagi «Wine Garden» tantanalar saroyida «Yangi O‘zbekiston – dunyo hamjamiyati nigohida» shiori ostida tadbir tashkil etildi.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozarov, viloyat sektorlari rahbarlari, kasaba uyushmasi tomonidan tashkil etilgan tanlovlarning g‘oliblari, hamkor tashkilotlar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘z olgan viloyat rahbari Xayrullo Bozarov bugungi kunda viloyatimizdagi 4000 ga yaqin boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari 600 ming nafardan ziyod kasaba uyushma a’zolari fidokorona mehnat qilib kelayotgani hamda kasaba uyushmalari ularning kasbiy, mehnatga oid ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ta’minlashga, munosib mehnat sharoitlarini yaratishda faol ishtirok etayotganiga alohida urg‘u berdi.
Joriy yilda 7 ming 100 nafar ishchi-xodimlar kasaba uyushmalari tasarrufidagi sanatoriylarda sog‘lomlashtirilgani hamda viloyatdagi 10 ming 600 nafar yoshlar yozgi oromgohlarda yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazgani aytib o‘tildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish o‘rinliki, kasaba uyushmasi tomonidan joriy yil 10 oyi davomida 551 nafar ishchi-xizmatchilarning mehnatga oid buzilgan huquqlari kasaba uyushmalari orqali tiklandi. Shuningdek, ishchi-xodimlarning buzilgan huquqlarini tiklash orqali 2 mlrd. So‘mdan ziyod ish haqlari va unga tenglashtirilgan to‘lovlar undirib berildi. Bundan tashqari, korxona-tashkilotlarda mehnat qilayotgan 21 mingdan ziyod mehnatkashlarning kasaba uyushma hamda ish beruvchilar tomonidan respublikamiz va viloyatining diqqatga sazovor joylariga sayoxatlari tashkil etildi.
Bayram tadbirida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan e’lon qilingan “Eng yaxshi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti” ko‘rik-tanlovi g‘oliblarining nomlari e’tirof etildi.
Faxrli 1-o‘rinlarni “Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyati, Rishton tumanidagi 44-umumiy o‘rta ta’lim maktabi va Rishton tumanidagi 7-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti kasaba uyushma qo‘mitalari raislari egalladilar.
2-o‘rinlarga Toshloq va Buvayda tuman tibbiyot birlashmalari, Farg‘ona shahridagi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 86-sonli maktab internati hamda O‘zbekiston tumanidagi 66-umumiy o‘rta ta’lim maktabi kasaba uyushma qo‘mitalari raislari loyiq ko‘rilgan bo‘lsa, 3-o‘rinlar Davlat kadastrlari palatasi Farg‘ona viloyat boshqarmasi, Rishton tumanidagi 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabi va Beshariq tumanidagi 1-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti kasaba uyushma qo‘mitalari raislariga nasib etdi.
Ko‘rik-tanlov g‘oliblariga va bir guruh kasaba uyushmasi faollariga viloyat hokimining Faxriy yorliq va qimmatbaho esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, tadbirda joriy yilning 27-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlarni tashkil qilish va o‘tkazishdagi faolligi uchun Farg‘ona viloyati hududiy saylov komissiyasining a’zolariga Farg‘ona viloyati hokimining Tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Viloyatimiz taniqli san’atkorlari, ashula va raqs ansambllari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga yuqori kayfiyat bag‘ishladi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: