Kasaba uyushmasi ustama haqi ololmagan pedagoglarga yordam berdi
Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanidagi 39-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ishlaydigan 21 nafar o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkasiga Vazirlar Mahkamasining 831-qaroriga asosan har oylik ustama muassasa maxsus komissiya qaroriga muvofiq belgilangan bo‘lsa-da, biroq ustama pullari to‘lanmagan. Bundan norozi bo‘lgan maktab o‘qituvchilari amaliy yordam so‘rab, kasaba uyushmalariga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Bag‘dod tuman kengashi tomonidan ishchi guruh va maktab jamoasi ishtirokida o‘rganib chiqildi.
Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan umumta’lim maktablari pedagog xodimlariga har o‘quv yili oxirida, ya’ni iyun oyida ustama haqlari belgilanadi.
Lekin 39-umumiy o‘rta ta’lim maktabida joriy yilning iyun oyida ustamaga da’vogar pedagog xodimlarga ustama haqlari belgilanmagan.
O‘rganishlar davomida shu narsa ayon bo‘ldiki, o‘quv yili so‘ngida 39-umumiy o‘rta ta’lim maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan Sh.Rahimov ustamaga da’vogar 21 nafar pedagoglarning barcha zarur hujjatlarini taxt qilib, maktabga yangi tayinlangan direktorga olib kiradi. Maktab direktori I.Qodirova direktorlik lavozimiga 2023 yilning 30 may kunidan tayinlanganligi, o‘qituvchilarning ish samaradorligini, ularning faoliyatini to‘liq bilmasligini bildiradi. Bu orada o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.Rahimov mehnat ta’tiliga, undan so‘ng o‘z xohishiga ko‘ra, ishdan ariza yozib chiqib ketadi. Shu zaylda ustama oluvchi pedagoglarning hujjatlari arosatda qolib ketadi.
Maktab direktori boshchiligidagi maxsus komissiya shu yilning 28 avgustida yig‘ilish o‘tkazilib, 22 nafar pedagoglarga ustama haqlari belgilashga qaror qilingan. Biroq maxsus komissiya tomonidan tayyorlangan qaror va buyruqlardagi kamchiliklar sabab Bag‘dod tuman Adliya bo‘limi tomonidan yuridik ahamiyatga ega hujjatlarning qonun hujjatlariga muvofiqligi to‘g‘risida huquqiy xulosa joriy yilning oktyabr oyiga qadar tasdiqlanmasdan qoladi.
Toqati tog‘ bo‘lgan ustama oluvchi pedagoglar maxsus komissiya faoliyatidan norozi bo‘lib, kasaba uyushmalariga murojaat qilishga majbur bo‘ladi.
Yuzaga kelgan mazkur holat Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Bag‘dod tuman kengashining sa’y-harakati bilan barcha hujjatlar ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqilib, ustama oluvchi o‘qituvchilarga 2023-2024 o‘quv yilida ustamalar belgilanib, tuman adliya tomonidan tasdiqdan o‘tkazildi. 39-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining 18 oktyabrdagi 190-11-152-DUM/2023-sonli buyrug‘i rasmiylashtirilib, unga ko‘ra ustama oluvchi 22 nafar pedagog xodimlarga ustama haqlari belgilandi.
Jamshid Ergashev,
jurnalist.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: