Keksalarga ehtirom ko‘rsatildi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan “Keksalar haftaligi” doirasida 50 nafar farg‘onalik faxriylarning Rishton va Qo‘qon shaharlariga sayohati tashkil etildi.
Dastlab sayohatchilar Rishton tumanidagi “Xalqaro kulolchilik markazi”da bo‘ldilar. Bu yerda ular usta-kulollar tomonidan tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlari va ularning ish jarayonlari bilan tanishdilar.
Sayohatchilarning keyingi manzil esa Qo‘qon shahri bo‘ldi. Ular Qo‘qon shahrida bo‘layotgan o‘zgarishlar va tarixiy obidalarni tomosha qildilar.
— Bugungi kunimiz juda ham maroqli o‘tdi. Rishton va Qo‘qon shahrini sayohat qilib, baxri dilimiz ochildi, — deydi Quvasoy shahar obodonlashtirish bo‘limi xodimi Sadoqatxon Abdurahmonova. — Buning uchun biz keksalarni hurmat qilib, izzat-ikrom ko‘rsatgan tashkilotchilarga katta rahmat aytaman.
“Keksalar haftaligi” doirasidagi ushbu sayohat har bir faxriyda katta taassurot qoldirdi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: