44 nafar xotin-qizlar ishli bo‘ldi
Oltiariq tumanidagi “Hamza expo art tekstil” MCHJ paxta-to‘qimachilik klasteri sifatida faoliyat yuritadi. Korxonada bugungi kunda 900 nafarga yaqin ishchi-xodim mehnat qilib kelmoqda.
Hozirda tumandagi 200 ga yaqin fermer xo‘jaliklari bilan paxta xom-ashyosini xarid qilish bo‘yicha yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan mazkur korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar mahalliy ichki bozorlardan tashqari, bir qator xorijiy davlatlarga, jumladan, Rossiya va Polsha mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Korxona yillik 4 ming tonna kalava ip, 2 ming tonna mato ishlab chiqarish hamda 5 million dona tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga egadir.
Korxona rahbari va ishchi-xodimlar yangi loyihalar ustida ishlash, yangi texnologiyalardan keng foydalanish ustida bosh qotirishdan charchamaydi. Shundan bo‘lsa kerak, korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi va sifatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholini ish bilan ta’minlash maqsadida bir qator yangi loyihalar amaliyotga joriy etilmoqda.
Xususan, loyiha qiymati qariyb 40 mlrd. so‘m bo‘lgan paxtani qayta ishlash va tozalash loyihasi joriy yil sentyabr oyida ishga tushirilib, 118 nafar yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bundan tashqari, yillik ishlab chiqarish quvvati 5 ming 400 tonna, qiymati 110 mlrd. so‘m bo‘lgan oliy toifadagi xalqa iplari ishlab chiqarish loyihasi yaqin kunlarda ishga tushirilish arafasida. Loyiha ishga tushgach, yana 350 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Albatta, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi mazkur korxona bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda. Yurtboshimizning Farg‘ona viloyatini “Xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlikdan holi hududga aylantirish” taklifidan kelib chiqib ishsiz Oltiariq tumani hokimligi hamkorligida ishsiz xotin-qizlar, faol tadbirkorlar va ish beruvchilarning muloqot uchrashuvi tashkil etildi.
150 nafarga yaqin ishsiz xotin-qizlar ishtirok etgan tadbirda, korxona ma’muriyati tomonidan ishtirokchilarga ishlab chiqarish jarayonidan tortib, ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlargacha ma’lumotlar berildi. Natijada shu kuni 44 nafar opa-singillarimiz shu yerda ishlash istagi borligini bildirdi. Ular bilan shu kunning o‘zidayoq mehnat shartnomalari tuzildi.
Sh.To‘xtamatov,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslaxatchisi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: