«ZARKENT» SIHATGOHIDAGI O‘QUVLAR MAROQLI BO‘LDI
Joriy yil 15-17 mart kunlari O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati Kengashi tizimidagi tuman-shahar tibbiyot birlashmalari va tibbiyot muassasalari kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislari uchun Toshkent viloyatidagi «Zarkent» sihatgohida malaka oshiruv o‘quvlari bo‘lib o‘tdi.
O‘quv mashg‘ulotlarini O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Shohidaxon Karimova kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda kasaba uyushmalarining ishtiroki haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, o‘quv mashg‘ulotlarining maqsad va vazifalari, kun tartibi haqida ishtirokchilarga ma’lumot berdi.
Dastlab O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi Tashkiliy ishlar bo‘limi mudiri Abror Otaboyev tomonidan «Boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari faoliyatini Ustav talablari va me’yoriy hujjatlar asosida tashkil etish to‘g‘risida»gi, «Boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida hisobot saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risida»gi mavzular yuzasidan seminar mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, Hisobot saylov yig‘ilishiga delegatlarni saylash, hisobot saylov yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish, hisobot saylov yig‘ilishini olib borish tartibi hamda hisobot saylov yig‘ilishining hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha taqdimotlar ham o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi mehnat huquq inspektori Zafarjon Qurbonov tomonidan «Murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish to‘g‘risida»gi, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi mehnat texnik inspektori Ravshanjon Fozilov tomonidan «Tashkilotlarda mehnat muhofazasini kuchaytirish ishlarini to‘g‘ri tashkil qilish to‘g‘risida»gi, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati Kengashi mutaxassisi Abror Shodmonov tomonidan «Yo‘llanmalardan samarali foydalanish to‘g‘risida»gi mavzular yuzasidan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
O‘quvlar davomida ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda «Zakovat» intellektual o‘yini ham o‘tkazildi. Unda soha xodimlarining bilimlari va mantiqiy fikrlash doiralari sinovdan o‘tkazildi.
Malaka oshiruv o‘quvi yakunida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Shohidaxon Karimova tomonidan ishtirokchilarga o‘quv kursini tamomlagani bo‘yicha Sertifikatlar topshirildi.
Sihatgohda o‘quv mashg‘ulotlari bilan birga, ishtirokchilarning tibbiy muolajalarni o‘z vaqtida qabul qilishlari, maroqli hordiq chiqarishlariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Bir so‘z bilan aytganda, soha xodimlari ham maroqli hordiq chiqarishdi, ham bilimlarini mustahkamlashdi.
Shohsulton To‘xtamatov,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisining Yoshlar masalalari bo‘yicha maslaxatchisi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: