Yo‘lsozlar “Xonobod” sihatgohida dam olmoqda
Xalqimizda “Yaxshi dam — mehnatga hamdam”, degan naql bor. Agar kishi vaqtida dam olib, so‘lim go‘shalarda hordiq chiqarib tursa, uning salomatligida ham, ishida ham unum bo‘ladi. Shu bois Transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati kengashi o‘z tasarrufidagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarni tez-tez sayohatlarga va go‘zal maskanlarga dam olishga yuborib turadi.
Bundan bir muddat avval tarmoq a’zolarining 54 nafari Ko‘xna Kent hisoblanmish — Xiva shahriga sayohatga jo‘natilgan bo‘lsa, bu gal tarmoqning 60 nafar yo‘lsozlari Andijon viloyatidagi betakror tabiat qo‘ynida joylashgan “Xonobod” sihatgohiga dam olishga yuborildi.
— A’zolarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularni vaqtida dam olishini ta’minlash maqsadida turli go‘shalarga sayohat va dam olishga yubormoqdamiz, — deydi Transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Zohidjon Qodirov. — Mana bu gal ularning 60 nafarini “Xonobod” sihatgohida dam oldirmoqdamiz. Ular bu yerda 4 kun davomida hordiq chiqarib, davolanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
— Kasaba uyushmalarining ko‘magi bilan mana shunday ajoyib sanatoriyda dam olyapmiz, — deydi Buvayda tumani yo‘l nazoratchisi Abdusamad Ergashev. — Bu yerdagi sharoitlar ko‘z quvnaydi. Birinchi kundanoq muolajalarni olishni boshladik. Bizni har doim qo‘llab-quvvatlab kelayotgan, huquq va manfaatlarimizni himoya qilib kelayotgan kasaba uyushmalariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: