Yetakchining faoliyatiga a’zolar yuqori baho berdi
Beshariq tuman tibbiyot birlashmasi kasaba uyushma tashkilotining jamoa shartnomasining 2024 yildagi bajarilishi hamda 2020 yil martidan 2025 yil martigacha bo‘lgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlari bo‘yicha hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Ayni paytda tibbiyot birlashmasida 2 ming 850 nafar ishchi-xodim mehnat qilib kelmoqda. Olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida kasaba uyushma a’zolari soni yanada oshib, 7 ming 720 nafarga yetdi.
Dastlab, Beshariq tuman tibbiyot birlashmasi kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Nodira Topilovaning jamoa shartnomasining 2024 yildagi bajarilishi bo‘yicha hisoboti o‘qib eshittirildi. Ma’ruzani tinglagan delegatlar kasaba uyushmaning o‘tgan yilgi faoliyatiga qoniqarli baho berib o‘tdilar. Shundan so‘ng o‘tkan besh yil mobaynida kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risida hisobot ma’ruzasi tinglandi.
Aytish kerakki, tuzilgan jamoa shartnomasi orqali tibbiyot xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, xodimlarning to‘liq bandligi ta’minlanishiga hamda ular uchun sog‘lom va bexatar mehnat sharoitlari yaratib berilishiga erishish, mehnat qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish, xodimlar o‘rtasida madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini tashkil etish sohasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Agar jamoa shartnomalari orqali bir nafar xodimga sarflangan mablag‘larni taqqoslaydigan bo‘lsak, 2020 yilda 3 mln. 232 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 5 mln. 216 ming so‘mni tashkil etganligini ko‘rishimiz mumkin.
Tibbiyot muassasalarda ishlovchi ehtiyojmand, kam ta’minlangan, bemor, boquvchisini yo‘qotgan 604 nafar xodimga 140 mln. so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.
105 nafar xodim yo‘llanmalar orqali O‘zbekiston kasaba uyushmalari tasarrufidagi sihatgohlarda salomatligini mustahkamlab qaytdi. Ishda o‘rnak ko‘rsatgan xodimlar respublikamiz bo‘ylab sayohatlarga olib borildi. Bundan tashqari, tibbiyot xodimlarning 387 nafar farzandi yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida sog‘lomlashtirildi. Yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida ishchi-xodimlarning 342 nafar farzandlariga o‘quv qurollari olib berildi.
Kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lishning afzalliklarini tushuntirish orqali 46 ta nodavlat tashkilotlarda kasaba uyushmasi tuzilib, u yerda mehnat qilayotgan 2 ming 786 nafar xodim kasaba uyushma himoyasiga olindi.
Hisobotni tinglagan delegatlar Beshariq tuman tibbiyot birlashmasi kasaba uyushma qo‘mitasi raisi va taftish komissiyasining faoliyatini yuqori baholadilar.
Yashirin ovoz berish yo‘li orqali o‘tkazilgan saylovda eng ko‘p ovoz to‘plagan Nodiraxon Topilova yangi muddatga kasaba uyushma qo‘mitasi raisi etib saylandi.
Konferensiyada Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyat Kengashi raisi Shohidaxon Karimova, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mehnat inspektori Ravshanbek Fozilov, Beshariq tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi Lazizbek Jo‘rayev va delegatlar ishtirok etdilar.
O‘z o‘rnida, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Shohidaxon Karimova kasaba uyushmalarining tashkil etilishidan boshlab, bugungi kunga qadar olib borilayotgan islohotlar haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berib o‘tdi.
Tadbir doirasida faollik ko‘rsatgan tibbiyot xodimlariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: