YANGI O‘ZBEKISTONDA, YANGI KASABA UYUSHMALARI!
Bugun, 9 noyabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan viloyat musiqali drama teatrida “Yangi O‘zbekistonda, yangi kasaba uyushmalari” shiori ostida tadbir tashkil etildi.
11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan tashkillangan tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozarov, viloyat sektorlari rahbarlari, kasaba uyushmasi tomonidan tashkil etilgan tanlovlarning g‘olib va sovrindorlari, hamkor tashkilotlar xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat rahbari Xayrullo Bozarov bugungi kunda 3 ming 200 ta boshlang‘ich tashkilotlarda 550 mingga yaqin kasaba uyushma a’zolari fidokorona mehnat qilib kelayotgani hamda kasaba uyushmalari ularning kasbiy, mehnatga oid ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ta’minlashga, munosib mehnat sharoitlarini yaratishda faol ishtirok etayotganiga alohida urg‘u berdi.
Joriy yilda 7 ming 100 nafar ishchi-xodimlar kasaba uyushmalari tasarrufidagi sanatoriylarda sog‘lomlashtirilgani va ulardan 265 nafar ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan bepul dam oldirilgani hamda viloyatdagi 11 mingdan ziyod yoshlar yozgi oromgohlarda yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazgani aytib o‘tildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish o‘rinliki, kasaba uyushmasi tomonidan joriy yil 10 oyi davomida 165 nafar ishchi-xizmatchilarning mehnatga oid buzilgan huquqlari kasaba uyushmalari orqali tiklandi. Shuningdek, ishchi-xodimlarning buzilgan huquqlarini tiklash orqali 3 mlrd. so‘mga yaqin ish haqlari va unga tenglashtirilgan to‘lovlar undirib berildi. Bundan tashqari, korxona-tashkilotlarda mehnat qilayotgan 27 mingdan ziyod mehnatkashlarning kasaba uyushma hamda ish beruvchilar tomonidan respublikamiz va viloyatining diqqatga sazovor joylariga sayoxatlari tashkil etildi.
Bayram tadbirida bir guruh kasaba uyushmasi faollariga viloyat hokimining Faxriy yorliq va qimmatbaho esdalik sovg‘alari, shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan e’lon qilingan “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” hamda “Eng yaxshi profilaktika inspektori” kabi tanlovlarning viloyat bosqichi g‘oliblariga diplom, pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.
Tantanali marosimda «Farg‘onaazot» aksiyadorlik jamiyatining jixozlarni markazlashtirilgan ta’mirlash syexi chilangar-ta’mirlovchisi Ubaydullo Ahmedovga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ta’sis etilgan “Ehtirom” nishoni hamda “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot” respublika ko‘rik-tanlovida faxrli 1-o‘rinni egallagan Toshloq tuman tibbiyot birlashmasi kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Farida Mirzaaxmedova 1-darajali diplom va Dang‘ara tumani hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Madinaxon Azizova hamda Furqat tumani hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Zarifaxon Alixodjayevalarning “Ayollar daftari”ning 4-bosqichiga kiritilgan barcha opa-singillarga amaliy yordam ko‘rsatgani alohida e’tirof etilib ular ham tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Bundan tashqari, viloyatimizdagi korxona va tashkilotlarda mehnat qilib kelayotgan 20 nafar ishchi-xodimlarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar taqdim etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar uchun viloyat musiqali drama teatri tomonidan “Reportaj” spektakli namoyish etildi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: