Xodimlar kasaba uyushma faoliyatidan rozi
Davlat kadastrlari palatasi Farg‘ona viloyati boshqarmasida 2023-2026 yillarga tuzilgan jamoa shartnomasining 2023 yilda bajarilishi yakunlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Kun tartibidan o‘rin olgan masalalar bo‘yicha ish beruvchi hamda kasaba uyushma qo‘mitasi raisining jamoa shartnomasining 2023 yildagi ijrosi bo‘yicha hisoboti tinglandi.
Ayni paytda jamoada 563 nafar xodim bir safda birlashgan. Ishchi-xodimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularni manfaatlarini himoya qilish jamoa shartnomasida o‘z aksini topgan.
Yig‘ilishda kasaba uyushmasi tomonidan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari, ularga yaratilgan qulay va xavfsiz ish sharoitlar, xodimlarning salomatligini mustahkamlash borasida olib borgan ishlari batafsil qayd etildi.
O‘tgan yili 18 nafar xodimlar va ularning ota-onalariga sihatgohlarda dam olib, salomatligini tiklashi uchun yo‘llanmalar berildi. Shuningdek, xodimlarning madaniy hordiq chiqarishi uchun respublikamizning turli go‘shalariga sayohatlar tashkil etildi. Yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan ishchi-xodimlarning 626 nafar farzandiga maktab o‘quv qurollari olib berildi. Xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida turli sport musobaqalari tashkil etildi.
So‘zga chiqqanlar kasaba uyushma faoliyatidan roziligi, har bir xodim kasaba uyushmaning himoyasida ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Mazkur yig‘ilishda Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi respublika Kengashining rais o‘rinbosari Erkinjon Bayniyazov ishtirok etib, kasaba uyushmalari faoliyatidagi muhim masalalarga to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir yakunida kadastr tizimida samarali mehnati bilan ko‘plab yutuqlarga erishayotgan va soha rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan xodimlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: