Ularning mehnati sabab, shahar ko‘chalari toza va ko‘rkam
Farg‘ona shahar Obodonlashtirish boshqarmasining 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining 2023 yilda bajarilishi yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasi respublika Kengashi raisi Ulug‘bek Muxammedov, kengashining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Muqaddasxon Abdullayeva ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida, ish beruvchi va boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi yig‘ilganlarga hisobot berdi.
Bugun Farg‘ona shahar Obodonlashtirish boshqarmasida 1 ming 300 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari amaldagi jamoa shartnomasi orqali himoya qilib kelinmoqda.
Xususan, jamoa shartnomasida xodimlar daromadlarini oshirish, ularni har taraflama rag‘batlantirish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, salomatliklarini mustahkamlash masalalari o‘rin olgan. Ahamiyatli jihati o‘tgan davr mobaynida jamoa shartnomalaridagi bandlarning bajarilishi hisobiga har bir kasaba uyushma a’zosining manfaatdorlik darajasi oshib bordi. Qolaversa, ish haqini kechiktirish holatlariga yuzaga kelmadi.
Hisobotda ta’kidlanganidek, o‘tgan yili moddiy yordamga ehtiyoj sezgan xodimlarning arizalariga binoan kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan 122 nafariga moddiy ko‘mak ko‘rsatildi. Ishda namuna ko‘rsatgan ishchilar esa moddiy qo‘llab-quvvatlandi. 15 nafar ishchi-xodim yo‘llanmalar asosida kasaba uyushmalari tasarrufidagi turli sihatgohlarda salomatliklarini mustahkamladi. 28 nafar xodimning farzandlari yozgi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam oldirildi.
Shuningdek, 24 nafar ishchi-xodim Buxoro, Samarqand va Xiva shaharlariga sayohatga yuborildi. Jumladan, ehtiyojmand oila vakillari doimo kasaba uyushma qo‘mitasining e’tiborida. Ularga bayramlar arafasida xayriya yordamlari ko‘rsatib kelindi.
Albatta, sport bilan shug‘ullanish salomatlik garovidir. Shuning uchun ham ishchi-xodimlar o‘rtasida ko‘plab sport musobaqalari tashkil etilmoqda. Xususan, 11 noyabr – Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan tashkil etilgan sport musobaqasi katta bayramga aylanib ketdi. Gʻoliblarga kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Bundan tashqari respublikamizda nishonlanadigan bayramlarda ham ommaviy tadbirlar o‘tkazilib, xodimlar munosib tarzda rag‘batlantirilib kelindi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida xodimlarni qiynab kelayotgan muammolar ham o‘rtaga tashlandi. Xususan, ishchilar uchun maxsus kiyim-bosh, sanitariya joylari yo‘qligi aytildi.
Mazkur masalaga Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasi respublika Kengashi raisi Ulug‘bek Muxammedov atroflicha javob berib, ushbu muammolar nazoratga olingani va tarmoq kasaba uyushmasi tomonidan tez orada ko‘chma sanitariya joylari tashkil etilishini qayd etib o‘tdi.
Yig‘ilishda so‘z olganlar kasaba uyushma faoliyatini qoniqarli baholab, xodimlar kasaba uyushmaning himoyasida ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: