Tadbirkorlar va ish beruvchilar bilan muloqot uchrashuvi orqali xotin-qizlar ishli bo‘ldi
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, salomatligini muhofaza qilish, intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish, jamiyatimizning turli sohalarida faol ishtirok etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Xususan Yurtboshimizning tashabbusi bilan Farg‘ona viloyatini “Xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlikdan holi hududga aylantirish” taklifi ilgari surilgan edi.
Ushbu tashabbusdan kelib chiqib, xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlikni bartaraf etish, ularning qiziqishi va imkoniyatlarini inobatga olgan holda bandligini ta’minlash hamda muammolarini bartaraf etish maqsadida mutasaddi boshqarma va tashkilotlar rahbarlaridan iborat ishchi guruhlar tuzildi.
Viloyatdagi 18 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar xatlovdan o‘tkazildi. Bunda 781 ming 772 ta xonadondagi 1 mln. 085 ming 565 oila qamrab olindi. Xatlov orqali 18-55 yoshdagi 892 ming xotin-qizlar bilan anketa-so‘rovnomalar to‘ldirildi.
Anketa-so‘rovnomalar tahlil qilinganda 18-55 yoshdagi xotin-qizlardan 812 ming 311 nafari bandligi ta’minlangan bo‘lib, ularning 308 ming 973 nafari doimiy, 289 ming 878 nafari mavsumiy, 132 ming 163 nafari vaqtinchalik ish bilan, 81 ming 297 nafari o‘zini o‘zi band qilganligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, xatlov davomida 26 ming 703 nafar ishlash istagi bor xotin-qizlar aniqlandi.
Ayni paytda xotin-qizlarning o‘zini o‘zi band qilishning samarali yo‘llarini rivojlantirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Kasb o‘rganishga ishtiyoqi bor xotin-qizlar mono-markazlarda kasbga o‘qitilmoqda. Ishlash niyatini bildirgan ayollar esa kooperatsiyalarga biriktirilib, bandligi ta’minlamoqda.
Aytish kerak, Farg‘ona viloyatida xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlikning oldini olish, mehnat bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar qilinmoqda. Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi hamda Toshloq tumani hokimligi bilan hamkorlikda Toshloq tumanida ishsiz xotin-qizlar, faol tadbirkorlar va ish beruvchilarning muloqot uchrashuvi tashkil etildi.
Toshloq tumanida uyma-uy yurish orqali ishlash istagidagi xotin-qizlar soni 1 ming 400 nafar ekanligi aniqlangan edi. Ularning 419 nafari doimiy, 827 nafari mavsumiy va vaqtincha, 122 nafari o‘zini o‘zi band qilish, 32 nafari tadbirkorlik qilish orqali bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Muloqot uchrashuvida tumandagi ishlash istagi bor opa-singillar tumandagi “Amira textile”, “SMSHD TEX” MCHJlarida bo‘lib, ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar va qulayliklar bilan yaqindan tanishdilar.
“SMSHD TEX” MCHJ faoliyati bilan tanishgan Dilbarxon Valiyeva shu yerda ishlashga jazm qildi. U bilan shu yerning o‘zida mehnat shartnomasi tuzildi.
— Shu kungacha uyda ishsiz o‘tirgan edim. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan tashkil etilgan ushbu muloqot uchrashuvida o‘zimga mos ish topdim, — deydi Dilbarxon Valiyeva. — Maoshlari ham menga ma’qul keldi. Eng asosiysi yo‘l kira, tushlik ishxona hisobidan ekan. Yana menga yoqqan tomoni ish staji ham yuritilar ekan.
— Ochig‘ini aytsam, anchadan buyon ish izlab yurgandim, — deydi O‘g‘iloy To‘lqinova. — Bugun mushkulim oson bo‘ldi. Tadbirkorlar va ish beruvchilar bilan o‘tkazilgan muloqot uchrashuvidan keyin “Amira textile” korxonasiga ishga joylashdim. Oyliklari 4 mln. so‘mgacha ekan. Bu yerdagi sharoit va qulayliklar menga manzur bo‘ldi. Ishga kirganimni eshitgan ota-onam ham rosa suyunishdi.
Korxonalar tomonidan ishchilarning qatnashlari uchun avtobuslarning yo‘lga qo‘yilgani, tushlik uchun issiq ovqat bilan ta’minlanishi, oylik maoshlarining o‘z vaqtida to‘lanishi opa-singillarimizga ma’qul bo‘ldi. Natijada shu kuni 50 nafardan ziyod xotin-qizlar ushbu korxonalarda ishlashga rozi ekanliklarini bildirishdi.
Umuman olganda, Farg‘ona viloyatida xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, viloyatni ishsizlikdan holi hududga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar allaqachon boshlangan. Bu borada boshlangan xayrli ishlar, albatta, yaqin vaqt ichida o‘z samarasini berishi shubxasiz.
Shohsulton To‘xtamatov,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisining Yoshlar masalalari bo‘yicha maslaxatchisi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: