Sug‘urta kompaniyasidan 300 mln. so‘mdan ko‘p tovon puli undirib berildi
Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mehnat inspektori tomonidan o‘tgan davr mobaynida 37 ta tibbiyot muassasalarida jamoatchilik nazorati bo‘yicha o‘rganish ishlari amalga oshirildi. O‘rganishlar jarayonida tashkilotlarda 150 dan ortiq kamchiliklar aniqlanib, ish beruvchilar nomiga bajarish majburiy bo‘lgan 28 ta ko‘rsatma xati kiritildi.
Eng ko‘p uchraydigan holatlardan biri bu tibbiy ko‘rik masalasidir. Ko‘plab ish beruvchilar tibbiy ko‘rik masalasiga panja orasidan qarashi natijasida, xodimlar chiqimdor bo‘lib qolayotgan holatlar ham uchrab turibdi.
Aniq misollar bilan aytadigan bo‘lsam, tibbiy ko‘rik uchun 13 mln. 749 ming so‘m o‘z hisobidan mablag‘ sarflab chiqimdor bo‘lib qolgan 1 ming 37 nafar tibbiyot xodimlarining haq-huquqlari himoya qilinib, ularning sarflagan mablag‘lari to‘liq qaytarib berildi.
Chunki tegishli qonun bilan xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishida xodimlar mutlaqo chiqimdor bo‘lmasligi belgilab qo‘yilgan.
Zararli noqulay mehnat sharoitlarida band bo‘lgan xodimlarga sut mahsulotlari berilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, ayrim tibbiyot muassasalarida bu kabi mahsulotlar berilmayotgani aniqlandi.
Jumladan, Farg‘ona viloyat 2-sonli tumanlararo ftizatriya dispanserida ishlovchi 9 nafar xodim va Farg‘ona shahar oilaviy poliklinikalarda ishlovchi 84 nafar xodimlari sut mahsulotlari bilan ta’minlanishi lozim bo‘lishiga qaramay, berilmasdan kelingan. Bu bo‘yicha muassasa rahbari nomiga ko‘rsatma xati kiritilgach, ushbu xodimlar sut mahsulotlari bilan ta’minlanishi yo‘lga qo‘yildi.
Murojaat yuzasidan olib borilgan ishlar natijasida kasaba uyushma aralashuvi bilan ishlab chiqarishdagi baxtsiz xodisa oqibatida mehnat qobiliyatini yo‘qotgan Uchko‘prik tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam bo‘limi anestizisti Olmosxon Inoyatovaga 58 mln. 967 ming so‘m, shuningdek, Farg‘ona viloyat sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi ombor mudiri Jahongir Mirzakarimovga 250 mln. 317 ming so‘m sug‘urta kompaniyasidan tovon puli undirib berildi.
Ayni paytda tibbiyot muassasalarida xodimlarning haq-huquqlari buzilmasligi bo‘yicha ish beruvchilar bilan doimiy muloqot o‘rnatilgan. Bu esa xodimlarning haq-huquqlari buzilmasligini olishga xizmat qilmoqda.
Ravshanbek Fozilov,
Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mehnat inspektori.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: