Salomatlik posbonlari Chodakda bellashdi
Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan Chodak dam olish maskanida tibbiyot xodimlari o‘rtasida “Bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz” shiori ostida sport musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur musobaqada 120 nafardan ortiq tibbiyot xodimlari ishtirok etdilar. Ular ikki kun davomida so‘lim go‘shada hordiq chiqarib, sportda ham o‘zlarini namoyon etdilar.
Qizg‘in va murosasiz kechgan voleybol bellashuvida Qo‘shtepa tuman tibbiyot birlashmasi jamoasi hamkasblaridan ustun kelib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, aql gimnastikasi hisoblangan shaxmat musobaqasida Farg‘ona shahar 7-oilaviy poliklinika hamshirasi Dilfuza Jo‘raboyeva 1-o‘ringa munosibligini isbotladi.
Shashka musobaqasida g‘oliblik Qo‘qon shahar tibbiyot birlashmasi xodimi Maxfuza Mo‘minovaga nasib etdi.
— Tibbiyot xodimlari o‘rtasida muntazam ravishda sport musobaqalarini o‘tkazib kelamiz. Birinchi navbatda, salomatlik posbonlarining o‘zlari sog‘lom bo‘lsa, keyin boshqalarga ham salomatlik ulasha oladilar, — deydi Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Shohidaxon Karimova. — Shu sababdan ham xodimlarni sportga keng jalb etgan holda, ular o‘rtasida mana shunday musobaqalarni o‘tkazishni odat qilganmiz. Sport esa salomatlik deganidir.
— Havosi toza, ajoyib maskanda ikki kun hordiq chiqarib, bir olam taassurotlar oldik, — deydi shaxmat musobaqasida birinchilikni qo‘lga kiritgan Dilfuza Jo‘raboyeva. — Hamkasblarimiz bilan yayrab dam oldik. Mana shunday musobaqani tashkil etgan, biz tibbiyot xodimlarini har jabhada qo‘llab-quvvatlab kelayotgan kasaba uyushmalariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Musobaqa g‘oliblari va faol ishtirokchilarga Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati kengashining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: