Rahbarlarning yosh ishchi-xodimlar va oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi
Farg‘ona viloyat musiqali drama teatri bugun har doimgidan ham gavjum. Sababi teatrda yoshlar kelajagiga daxldor muhim muloqot uchrashuvi tashkil etilgan.
Bu bejiz emas, albatta. Boisi Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Otabek Musayev hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Erkinjon Nuraliyevning madaniyat, sport, turizm hamda Yoshlar agentligi tizimlarida mehnat qilib kelayotgan yosh ishchi-xodimlar va tizimdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Otabek Musayev so‘zga chiqib, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida yoshlarga ma’lumot berdi.
Gʻayrat-shijoatga to‘lgan, Vatanim taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shaman, degan umidli yoshlarga davlatimiz tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda. 2024 yilning Prezidentimiz tomonidan “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinishi barcha yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi.
Yoshlar va yosh ishchi-xodimlar doimo O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Birgina, 2023 yilda kasaba uyushmasi hamda ish beruvchi tomonidan viloyatdagi mehnat jamoalarida ishlayotgan 6 mingdan ziyod yosh ishchi-xodimlar respublikamizning turli diqqatga sazovor joylariga sayohatga yuborildi.
Uchrashuvda so‘z olgan Erkinjon Nuraliyev va Otabek Musayevlar yoshlarga qarata “Sizlar yuksak iste’dod va mahoratingiz, ijtimoiy hayotimizdagi faol ishtirokingiz bilan yangi Uyg‘onish davri — Uchinchi Renessansni barpo etishga, albatta, munosib hissa qo‘shasizlar”, deb yuksak ishonch bildirdi.
Ochiq muloqot davomida kasaba uyushmalari faoliyati hamda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha viktorina o‘yinlari o‘tkazildi.
Savollarga to‘g‘ri va tezkorlik bilan javob bergan 20 nafar g‘olibga “Xalq so‘zi” hamda “Jadid” gazetalariga 2024 yil uchun bepul obuna sertifikatlari va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi va Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati birlashgan qo‘mitasining qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
— Yoshlar bilan tashkil etilgan muloqot biz uchun har tomonlama foydali bo‘ldi. Hayotda o‘z o‘rnimizni topishda ilm-ma’rifatning o‘rni bo‘lakcha. Biz yoshlarning yaxshi o‘qib, komil inson bo‘lib ulg‘ayishimiz uchun yurtimizda barcha sharoitlar yaratilgan. Biz faqat bunday sharoitdan samarali foydalanishimiz kerak. Qolaversa, bugungi viktorinada faol ishtirok etib, “Jadid” gazetasiga 2024 yil uchun bepul obuna sertifikatini va kasaba uyushmalarining sovg‘asiga ega bo‘ldim, — deydi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filiali 2-kurs talabasi Zarina Jo‘raqo‘ziyeva.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Davlat Satira teatrining mahoratli ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan «Qalbim sohili» nomli spektakl shu teatrning aktyorlari tomonidan namoyish etildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan yoshlar bilan ochiq muloqotlar muntazam ravishda davom etadi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: