Rahbar va yoshlar uchrashuvi
Bosh Qomusimizning 32 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya — erkin va farovon hayot garovi!” shiori ostida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Unda oliy ta’lim muassasalarining talabalari va yosh ishchi-xodimlar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir orzulari sari dadil qadam tashlayotgan yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Ular O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi raisidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga doimo xayrixoh bo‘lib kelgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev Konstitutsiyamizning 32 yilligi munosabati bilan barchani tabriklab, ularga har qanday masalada ko‘makdosh bo‘lishga tayyorligini ta’kidlab o‘tdi.
O‘z navbatida, yoshlar ham davlatimiz tomonidan yaratilib berilayotgan sharoitlardan mamnun ekanliklarini faxr bilan tilga oldilar.
Aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi — xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yo‘limiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi.
Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilganidek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham hamisha yoshlarni, yosh ishchi-xodimlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xususan, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iste’dodlarini namoyish etishlari uchun ular o‘rtasida turli tanlovlar o‘tkazilib kelinmoqda.
“Rahbar va yoshlar uchrashuvi” doirasida Asosiy Qonunimizning 32 yilligi munosabati bilan viloyat Kengashining rasmiy telegram kanalida yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Bosh Qomusimizni bilasizmi?” tanlovining g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Gʻoliblarga pul mukofoti, Federatsiya muassisligidagi “Ishonch” gazetasiga 1 yillik bepul obuna sertifikati va kitoblar to‘plami tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida kasaba uyushmalari hayotiga oid viktorina o‘yini o‘tkazilib, berilgan savollarga tez va to‘g‘ri javob bergan yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
— Bugungi uchrashuvda o‘zim uchun ko‘p narsa o‘rgandim. Qolaversa, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan o‘tkazilgan “Bosh Qomusimizni bilasizmi?” tanlovida 1-o‘rinni egalladim. Bu meni hayotimdagi katta yutuq bo‘ldi, — deydi tanlov g‘olibi Otabek Xolmatov.
Tadbir so‘ngida yoshlar uchun viloyat musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan tayyorlangan spektakl namoyish etildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: