RAHBAR VA YOSHLAR UCHRASHUVI
Mamlakatimizda yoshlarga e’tibor masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, ertamiz egalari o‘zlarining qiziqishlari bo‘yicha har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi, Respublika Tarmoq kasaba uyushmalarining viloyatdagi mas’ul rahbarlari tomonidan yoshlar bilan ishlashda yangicha yondoshuvlar, chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ularning muammo va takliflarini o‘rganish, bandligini ta’minlash maqsadida yoshlar bilan doimiy ravishda uchrashuvlar, ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.
Bugun, 15 aprel kuni Farg‘ona Jamoat salomatligi tibbiyot institutida bo‘lib o‘tgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” ham ayni yuqoridagi masalalarni o‘z ichiga oldi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Shohidaxon Karimova va Farg‘ona viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Bobur Primqulovlar oliy ta’lim muassasalari talabalari va yosh ishchi-xodimlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati Kengashi safida sal kam 100 ming nafar faollar birlashgan bo‘lsa, ularning 27 mingdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi.
Albatta, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorlarini yuzaga chiqarish, maroqli dam olishlari hamda tarixiy qadamjolarga sayoxatga yuborish ishlariga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘tgan yili kasaba uyushmasi hamda ish beruvchi tomonidan 250 nafardan ziyod yosh ishchi-xodimlar sihatgohda mazmunli hordiq chiqarib qaytgan bo‘lsalar, 2 mingdan ziyod yosh ishchi-xodimlar Respublikamizning turli diqqatga sazovor joylariga sayoxatga yuborildi va bu kabi ishlar davom etmoqda.
– Sizlar yuksak iste’dod va mahoratingiz, ijtimoiy hayotimizdagi faol ishtirokingiz bilan yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessansini barpo etishga, albatta, munosib hissa qo‘shasizlar, deb ishonaman, – dedi yoshlarga qarata uchrashuvda so‘z olgan Shohidaxon Karimova.
Uchrashuvda yoshlarning taklif va fikr-mulohazalari tinglandi, ularning savollariga mas’ullar tomonidan javoblar qaytarildi.
Tadbir yakunida yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashab, ilm va kasb-hunar sirlarini puxta o‘rganayotgan, turli tanlov va musobaqalarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotgan bir guruh o‘g‘il-qizlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: