Quvalik opa-singillar doimiy ishga ega bo‘ldi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi tashabbusi bilan viloyatda xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlikning oldini olish, mehnat bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha hududlarda tadbirkorlar va ish beruvchilar bilan muloqot uchrashuvlari tashkil etib kelinmoqda.
Bu galgi muloqot uchrashuvi Quva tumani hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Ushbu uchrashuvga tumandagi ishlash istagini bildirgan 100 nafardan ortiq xotin-qizlar taklif etildi.
Ular tumanda faoliyat olib borayotgan “Altindag textile” korxonasidagi mavjud ish o‘rinlari, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Korxona faoliyati, ish jarayoni ma’qul bo‘lgan o‘nlab ayollar shu yerni o‘zida ishga qabul qilindi.
— Kasaba uyushmalari tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirkorlar va ish beruvchilar bilan muloqot uchrashuviga mahallamizdagi 8 nafar ishsiz xotin-qizlar bilan keldik. Bugun ularning hammasi shu korxonada ishlash istagini bildirdilar, — deydi Quva tumani “Qayirma” MFY xotin-qizlar faoli Maktuba Abdulazizova.
— O‘zimga mos ish topganimdan xursandman. Ish sharoiti, maoshlar, menga ma’qul bo‘ldi, — deydi Gulsanam Xoliqova. — Quvonganimdan, ishga joylashganimni qo‘ni-qo‘shnilarimga aytgandim, ular ham shu yerda ishlashga qiziqib qoldilar. Nasib qilsa, qo‘shnilarim bilan birga ishlaymiz.
Shuni kuni tuman Hunarmandlar markazida ham tashkil etilgan muloqot uchrashuvida 40 nafar ayollar ushbu markazga ishga joylashdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: