Munosib nomzodga ishonch bildirildi
Bag‘dod tuman tibbiyot birlashmasi kasaba uyushma tashkilotining o‘tgan 2024 yildagi jamoa shartnomasining bajarilishi hamda 2020 yil martidan 2025 yil martigacha tibbiyot xodimlariga qanday ko‘mak ko‘rsatilgani va ijtimoiy himoyasi bo‘yicha qanday ishlar amalaga oshirilgani yuzasidan hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda qo‘mita raisi Bahodirjon Abdurahmonov o‘tkan 5 yilda olib borilgan faoliyati to‘g‘risida hisob berdi. Ma’ruzaning tinglab bildikki, kasabaqo‘m bir safda birlashgan a’zolarning haqiqiy himoyachisiga aylanibdi.
2024 yil avgust oyida muassasaning tug‘ruqxona majmuasida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi natijasida bo‘lim faoliyati to‘xtatiladi. Natijada, tug‘ruqxonada mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar vaqtinchi ishsiz qoldi. Bu davrda ularga ish haqi to‘lanmadi. Ammo jonkuyar yetakchi bunday holatga jim qarab o‘tirmadi. Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashiga murojaat qildi.
Murojaatga asosan mehnat inspektorlari tomonidan tibbiyot muassasasida o‘rganishlar olib borildi. Uzoq muzokaralardan keyin ish sudda ko‘rib chiqildi. Sudning qarori ish beruvchi zimmasiga vaqtincha ishsiz qolgan xodimlarga o‘rtacha ish haqi miqdorida haq to‘lash majburiyati yuklatildi. Natijada 71 nafar xodimning huquqi tiklanib, ularning foydasiga jami 261 mln. so‘m ish haqlari undirib berildi.
Demoqchi bo‘lganimiz, haqiqiy kasaba uyushma raisi har qanday holatda ham ishchi-xodimlarni huquqlarini mana shunday himoya qila olishi kerak.
Darhaqiqat, o‘tgan 5 yilda salomatlik posbonlarining dam olishi va salomatligini mustahkamlash ishlari alohida e’tibor qaratildi. Har bir kasaba uyushma a’zosini qo‘llab-quvvatlash, g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ijtimoiy himoyalash kabi masalalar doimo kasaba uyushma qo‘mitasining e’tiborida bo‘lib keldi.
Qolaversa, ishchi-xodimlarni tarixiy shaharlarga sayohatga olib borish odat tusiga aylandi. O‘tgan davr mobaynida xodimlar yurtimiz bo‘ylab turli sayohatlarga olib borildi.
Bundan tashqari, targ‘ibot ishlari natijasida 40 ta nodavlat tashkilotda ishlovchi 750 nafar xodimlar kasaba uyushmasi a’zoligiga jalb qilindi. Ayni paytda ular kasaba uyushmasining imtiyozlaridan foydalangan holda, salomatliklarini mustahkamlash uchun sihatgohlarga, shuningdek, tarixiy shaharlarga sayohatlarga borib kelmoqdalar.
Hisobotni tinglagan delegatlar Bag‘dod tuman tibbiyot birlashmasi kasaba uyushma qo‘mitasi raisi va taftish komissiyasi raisi faoliyatini yuqori baholadilar.
Delegatlar yashirin ovoz berish yo‘li bilan nomzodlar orasidan Bag‘dod tuman tibbiyot birlashmasi kasaba uyushma qo‘mitasi raisligiga Bahodirjon Abdurahmonovni saylashdi.
Konferensiyada Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika Kengashi mutaxassisi Dilorom Toshmatova, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyat Kengashi raisi Shohidaxon Karimova, Bag‘dod tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi o‘rinbosari Xolmuhammad Abduvohidov va delegatlar ishtirok etdilar.
Shuningdek, konferensiyada O‘zbekiston kasaba uyushmalar harakatiga 120 yil to‘lishi, tarixi, bugungi kundagi faoliyati haqida ma’lumotlar berildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: