Kasaba uyushmalari – sport targ‘ibotchisi
11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan sana oldidan viloyatimizning barcha hududlaridagi korxona, tashkilot va muassasalarning mehnatjamoalarida mehnatkashlar bilan ochiq muloqot va uchrashuvlar, davra suhbatlari, seminar va konferensiyalar, ilg‘or va faol mehnatkashlarni rag‘batlantirish maqsadida madaniy-ma’rifiy hamda sport tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan Quvasoy shahridagi “Ahmad Al-Farg‘oniy” dam olish uyida “Kasaba uyushmalari – sport targ‘ibotchisi” shiori ostida erkaklar va ayollar o‘rtasida sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Unda tarmoq kasaba uyushmalariga a’zo korxona-tashkilotlarda mehnat qilib kelayotgan ishchi-xodimlar sportning shashka, shaxmat va stol tennisi bo‘yicha bellashdilar.
– Mana shunday ajoyib sport musobaqasini tashkil etgan tashkilotchilarga minnatdorchilik bildiraman. Boisi, salomatlik inson uchun bebaho ne’mat hisoblanadi. Shaxsan o‘zim sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanaman. Shu bois bo‘lsa kerak, ushbu musobaqada sportning shaxmat yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim, – deydi “Kvars” AJ ishchisi Dilshod Xatamqulov.
Qizg‘in kechgan musobaqada g‘oliblar aniqlanib, ularga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan bunday tadbirlar davom etmoqda.
Gʻanisher Payziyev,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat kengashi ma’naviy-ma’rifiy va sport ishlar bo‘limi mudiri.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: