Kasaba uyushmalari aralashuvi bilan 37 mln. 952 ming so‘m ish haqi undirib berildi
Murodil Ziyayev “Gross Sug’rta” kompaniyasining Marg‘ilon filialida direktor lavozimida ishlab kelgan. Biroq u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi “Gross Sug’rta” kompaniyasining 2023 yil 11 oktyabr kungi 550-k-sonli bo‘yrug‘i va o‘zining roziligi bilan bekor qilinadi.
Biroq ish beruvchi tomonidan unga 3 oylik ish haqi to‘lanmasdan qolib ketadi. Ish haqisini ololmay yugur-yugurlardan charchagan Murodil Ziyayev buzilgan huquqlarini himoya qilishda yordam so‘rab O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyat kengashiga murojaat qiladi.
Murojaatni o‘rganish maqsadida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni 24-moddasi, “Kasaba uyushmasi to‘g‘risida”gi Qonunining 8, 37, 38-moddalariga asosan “Gross Sug’rta” kompaniyasiga hujjatlarni taqdim etish haqida so‘rovnoma yuborilgan.
Lekin “Gross Sug’rta” kompaniyasi tomonidan M.Ziyayevga tegishli bo‘lgan hujjatlar taqdim etilmaydi. Shu sababli mazkur ish M.Ziyayev tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga asosan ko‘rib chiqiladi.
“Gross Sug’rta” kompaniyasining 2023 yil 11 oktyabr kungi
550-k-sonli bo‘yrug‘i bilan M.Ziyayev bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning tashabbusi bilan bekor qilinib, 2021 yil 16 noyabrdan 2023 yil 11 oktyabrgacha muddat uchun to‘liq hisob-kitobni amalga oshirish belgilanib, foydalanilmagan barcha yillik va asosiy va qo‘shimcha ta’tillar uchun 46 kun hisobida pullik kompensatsiya to‘lash belgilangan.
O‘rganish davomida “Gross Sug’rta” kompaniyasi tomonidan M.Ziyayev bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan kunga qadar foydalanilmagan yillik asosiy va qo‘shimcha ta’til kunlari uchun jami 37 mln. 952 ming so‘m ish haqi hisob-kitob qilgan bo‘lsada, ushbu mablag‘ to‘lab berilmaganligi ayon bo‘ldi.
Toshkent shahrida joylashgan “Gross Sug’rta” kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralardan so‘ng, Murodil Ziyayevga to‘lanmasdan qolgan 37 mln. 952 ming so‘m ish haqi undirib berildi.
— Kasaba uyushmalariga katta rahmat. Ularning sa’y-harakati bilan murojaatim ijobiy hal bo‘ldi. Kasaba uyushmalari ishchi-xodimlarning haqiqiy suyanchig‘i ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim, — deydi Murodil Ziyayev.
Avazxon TURAXODJAYeV,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi bosh yuriskonsulti.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: