Kasaba uyushma kubogi “CAMU” jamoasiga nasib etdi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyat kengashi hamda Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyat kengashi hamkorligida yosh tibbiyot xodimlari o‘rtasida «Yoshlar oyligi» doirasida “Kasaba uyushma kubogi” uchun “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.
Bilimlar bellashuvida tibbiyot muassasalarida mehnat qilayotgan yosh xodimlardan iborat 22 ta jamoa ishtirok etdi. Jamoalar orasida yaqindagina kasaba uyushma a’zoligiga olingan nodavlat tibbiyot muassasalarining jamoalari ishtirok etgani ham muhim yangilik bo‘ldi.
Mehnat jamoalarida iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, mantiqiy fikrlash doirasi va dunyoqarashini kengaytirish, shu bilan birga, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari maqsadida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yini haqiqiy bilimlar bellashuviga aylandi. Ushbu intellektual o‘yinlar orqali yoshlarning bilimlari yanada mustahkamlanmoqda.
“Zakovat” intellektual o‘yinida jamolarga 20 ta savol berildi. Savollarga aniq va to‘g‘ri javob topgan jamoalar yakunda g‘alaba qozondi.
“Gʻalaba kuchlilarga boqadi”, degan gap bor. Kasaba uyushma kubogi bir necha oy oldin 1 ming 700 nafar ishchi-xodim va talabalar bilan kasaba uyushma safiga qo‘shilgan Farg‘ona shahridagi Sentral Asian Medical Universiti Xalqaro tibbiyot universitetining “CAMU” jamoasiga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Oltiariq tuman tibbiyot birlashmasining “Oltiariq shifokorlari” jamoasi, uchinchi o‘rin Yozyovon tuman tibbiyot birlashmasining “Shifokorlar” jamoasi qo‘lga kiritdi.
— “Zakovat” intellektual o‘yini bilimlarimizni yanada boyitishga xizmat qildi, — deydi g‘olib bo‘lgan “CAMU” jamoasi a’zosi Zohidjon Aliyev. — Bu kabi bilimlar bellashuvining o‘tkazilishi har bir ishtirokchi uchun foydali bo‘ldi. Har jabhada yoshlarni qo‘llab-quvvatlab, ko‘mak ko‘rsatib kelayotgan viloyat kasaba uyushmalariga minnatdorlik bildiraman.
Gʻolib jamoalarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari topshirildi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: