Kasaba uyushma faoliyatiga baho berildi
Farg‘ona viloyat davlat soliq boshqarmasida 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining 2023 yilda bajarilishi yakunlariga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidagi masalalar yuzasidan boshqarma boshlig‘i M.Mamatxanov va kasaba uyushma qo‘mitasi raisi B.Ermatovning hisoboti tinglandi.
Bugun ushbu dargohda 1 ming 300 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi. Ularning say-harakati bilan davlat g‘aznasi to‘ladi. Soliq tushumlari esa, xalqning yanada farovon yashashiga asos bo‘ladi.
Ish beruvchi va kasaba uyushma qo‘mitasining hisobotini tinglab bildikki, jamoa shartnomasida belgilangan bandlarning ijrosi to‘liq ta’minlangan. Shunga monand ishchi-xodimlarning kayfiyati ham, ishga bo‘lgan munosabati ham a’lo darajada.
Raqamlarga qaraydigan bo‘lak, moddiy yordam uchun 354 mln. so‘m, mehnatni muhofaza qilish ishlariga salkam 17 mln. so‘m, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xarid qilish uchun har bir xodimga 3 mln. so‘m mablag‘ ajratildi. Xodimlar va ularning oila a’zolari salomatligini mustahkamlash maqsadida ko‘plab sport musobaqalari uyushtirildi. Turli sanalar munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan a’zolarning farzandlarini yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam oldirish, xodimlar va ularning oila a’zolarini salomatligini mustahkamlash maqsadida sihatgohlarga yo‘llanmalar uchun 58 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Kasaba uyushmasi har bir a’zoni qadriga yetadi. Biror xodimning boshiga og‘ir kun tushsa yonida bo‘ladi. Uchko‘prik soliq inspeksiyasi xodimi Sh.To‘rayevning salomatligi yomonlashib, jarrohlik amaliyoti uchun mablag‘ so‘radi. Kasaba uyushmasi bu paytda yordamini ayamadi. Jarrohlik amaliyoti uchun 9 mln. so‘m mablag‘ ajratib berildi.
Konferensiyada O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Rasuljon Rahimov ishtirok etib, xodimlarning qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Yig‘ilishda jamoa shartnomasining 2023 yilgi ijrosi qoniqarli deb baholandi. Muhokama davomida kelgusi vazifalar belgilab olindi.
Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Фарғона вилояти Кенгаши.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: