KAMBAGʻALLIK: jamiyatning umummilliy safarbarligi, birligi hisobiga kamayadi!
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi kechagidek barchamizning yodimizda. Unda muhtaram Yurtboshimiz yuksak minbardan sof ona tilimizda nutq so‘zlash bilan birga, dunyo hamjamiyatini tashvishga solib turgan kambag‘allik masalasini ham ko‘targan edilar.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida “Tobora tashvishli ohang kasb etayotgan qashshoqlikning ovozi butun dunyo hamjamiyatini, barchamizni bezovta qilishi zarur” deb ta’kidlagandi. Bu bejiz emas, albatta. Binobarin, Prezidentimiz tomonidan kambag‘allikni qisqartirish masalasi global miqyosda olib chiqildi.
Tan olaylik, O‘zbekistonda aholining kambag‘allik darajasi haqida yaqin-yaqingacha deyarli gapirilmasdi. Boshqacha aytganda, O‘zbekistonda kambag‘allik yo‘q, deb o‘zimizni aldab kelganmiz.
2020 yilda Prezidentimiz tomonidan ilgari aytishga jazm qilinmagan, tan olinmagan, biroq xalqimizni qiynab kelayotgan kambag‘allik va uning iqtisodiy chegaralari ochiq e’lon qilinib, mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish borasida keng ko‘lamli amaliy harakatlar boshlandi.
Kim o‘ylabdi, deysiz “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Mehr daftari” bo‘lishini? Ushbu hayotiy daftarga chindan ham qiynalib yashayotgan, turmush sharoiti og‘ir insonlar kiritildi. Ularning hayotdan rozi bo‘lib, baxtli yashashi, hayotda o‘z o‘rnini topishiga davlatning o‘zi bosh bo‘ldi.
Buning natijasida qanchadan-qancha qiynalgan oilalarning yelkasiga oftob tegdi. Boshlangan xayrli tashabbus sabab hayoti yaxshi tomonga o‘zgarib ketganlari qancha. Eng asosiysi, bugun kambag‘allik qog‘ozda emas, amalda qisqarayotgani kishini quvontirmasdan qolmaydi.
Kuni-kecha O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va respublika nuroniylarining O‘zbekiston xalqiga murojaati e’lon qilindi. Murojaatni o‘qib, kambag‘allikni qisqartirish masalasi bugungi islohotlarning asosini tashkil etishi va ushbu muammoning hal etilishi mamlakatimiz iqtisodiyoti va xalqimiz farovon hayotini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi pirovard maqsadligi o‘rin olganiga guvoh bo‘lasan kishi.
Unga ko‘ra, har bir tuman va shaharda 10 tadan ehtiyojmand oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha kompleks choralarni amalga oshirish, xususan, ularning sog‘lig‘ini tiklash va o‘qitishdan tortib, doimiy daromadga ega bo‘lishiga qadar ko‘maklashib boriladi. Kam ta’minlangan aholini kooperatsiyalarga jalb qilish, tadbirkorlikka va kasbga o‘rgatish, ish o‘rni yaratuvchi tadbirkorlar bilan hamkorlik o‘rnatish orqali har yili 5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ishlashga ishtiyoqi bo‘lgan, imkoniyati cheklangan aholi vakillarining 5 ming nafariga nogironlik aravachasi va boshqa reabilitatsiya vositalari berilib, kasalliklarini davolashga ko‘maklashiladi, ular daromadli kasblarga o‘rgatiladi.
Ehtiyojmand oilalarning iqtidorli yigit va qizlari mamlakatimiz va xorijiy universitetlarga grant qo‘lga kiritishi uchun yordam beriladi. Ya’ni, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida har yili 100 nafar ehtiyojmand fuqaroning farzandini o‘qitib, ularni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashiladi. Bundan tashqari, kam ta’minlangan oilalarning 4 ming nafar farzandini bolalar oromgohlarida bepul sog‘lomlashtiriladi, ming nafar ehtiyojmand fuqaro va 1,5 ming nafar yolg‘iz nuroniy tizimdagi sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtiriladi.
Kambag‘allik faqat qonunlar va farmonlar chiqarish bilan emas, balki jamiyatning umummilliy safarbarligi, birligi, shunday istak va intilish bilan yashashi hisobiga kamayadi.
Xulosa qilib aytganda, kambag‘allikka qarshi kurashish ortida inson taqdiri, uning ertangi kuni, oila farovonligi va pirovard oqibatda yurt tinchligi, halollik, adolat ustuvorligi va jinoyatchilikning kamayishi turgani ayni haqiqatdir.
Shohsulton To‘xtamatov,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisining maslaxatchisi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: