JARAYONLAR AMALIY TARZDA TUSHUNTIRILDI
Bu yil kasaba uyushmalari hayotida muhim davr, ya’ni o‘tkan 5 yillikdagi faoliyat sarhisob qilinadi.
Barcha boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida hisobot-saylov konferensiyalari o‘tkazilib, ishchi-xodimlarga qanday shart-sharoit yaratildiyu, faoliyatda yana nimalarga e’tibor qaratish lozimligiga urg‘u beriladi, ustuvor yo‘nalishlar belgilab olinadi. Shuningdek, boshlang‘ich kasaba uyushma raislari saylovi ham bo‘lib o‘tadi. E’tiborli jihati, bu yilgi saylov oldingilaridan tubdan farq qilgan holda yashirin ovoz berish yo‘li orqali o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan tuman-shahar Kengashlari raislari hamda yirik boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti raislari ishtirokida o‘tkazilgan o‘quv jarayonlari ham hisobot-saylov konferensiyalarini yuqori saviyada tashkil etish masalasiga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi “Xonobod” sihatgohida tashkil etilgan o‘quv jarayonlarida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Shohidaxon Karimova hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari Abror Otaboyevlar tomonidan ishtirokchilarga hisobot-saylov konferensiyasini o‘tkazish tartibi qadamma-qadam tushuntirib berildi.
Ya’ni, hisobot-saylov konferensiyasini olib borishdan tortib, boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi va tarkibini saylash, byulleten to‘ldirish tartibi, bunda sanoq komissiyasi va kotibiyatning faoliyatidan tortib, viloyat Konferensiyasiga delegatlarni hamda taftish komissiyasi raisi va tarkibini saylashgacha bo‘lgan jarayonlar amaliy tarzda ko‘rsatib berildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: