Islohotlar – yangicha yondashuvlarni taqozo etmoqda
Hayot shiddat bilan rivojlanar ekan barchamizdan izlanishni, intilishni talab etaveradi. Zero, bugun mamlakatimiz hayotining barcha sohasi qatori kasaba uyumalarida ham yangi davr boshlandi. Bu davr fidoyilik va samarali mehnat qilish orqali ishchi-xodimlarning kasbiy, mehnatga oid ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ta’minlashga, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularni hayotdan rozi qilishni talab etmoqda.
Shu bois, kasaba uyushma tizimida ham soha xodimlarini doimiy ravishda o‘qitib borish va ularning malaka oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Malaka oshirish kurslarining galdagisi O‘zbekiston Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi tuman-shahar Kengashlari va bir guruh boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti raislari ishtirokida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi Andijon viloyatida joylashgan “Xonabod” sihatgohida tashkil etildi.
O‘quvlar Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Lolaxon Ahmedova hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tashkiliy ishlar bo‘limi mudiri Abror Otaboyevlar tomonidan olib borildi.
Ochiq osmon ostida, toza havoyu so‘lim tabiat qo‘ynida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda «Boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari faoliyatini Ustav talablari va me’yoriy hujjatlar asosida tashkil etish to‘g‘risida»gi, «Boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida hisobot saylov yig‘ilishlarini o‘tkazish to‘g‘risida»gi, «Ijtimoiy mehnat masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatini to‘g‘ri tashkil qilish to‘g‘risida»gi, «Boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlaridagi mavjud hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish to‘g‘risida»gi, «Mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilish taqdimnomasini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida»gi hamda «Murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish to‘g‘risida»gi mavzusilar asosida o‘tkazildi.
Interaktiv usullar va kreativ g‘oyayu qizg‘in debatlar asosida o‘tgan jarayonlarda ishtirokchilar ham faol qatnashib, o‘z fikr-mulohazalarini, tajriba va takliflarini o‘rtoqlashdilar.
Shuningdek, ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda “Hisobot saylov yig‘ilishiga delegatlarni saylash”, “Hisobot saylov yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish”, “Hisobot saylov yig‘ilishini olib borish tartibi” hamda “Hisobot saylov yig‘ilishining hujjatlarini rasmiylashtirish” mavzulari bo‘yicha taqdimot tayyorladilar. Bundan tashqari, guruhlar «Hisobot-saylov yig‘ilishi qarorini rasmiylashtirish», «Umumiy yig‘ilish qarorini to‘g‘ri rasmiylashtirish» hamda «Kasaba uyushmasi qo‘mitasi yig‘ilishini rasmiylashtirish to‘g‘risida»gi taqdimotlarni ham namoyish etdilar.
O‘quvlar davomida «Zakovat» intellektual o‘yini ham o‘tkazilib, soha xodimlarining bilimlari va mantiqiy fikrlash doiralari sinovdan o‘tkazildi. Gʻoliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ishtirokchilar o‘quvlarda qatnashish bilan birga, davolash muolajalarini ham qabul qildilar. Shuningdek, ularning vaqtlarini yanada mazmunli o‘tkazish maqsadida ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari, konsert dasturlari ham tashkil etildi.
O‘quv kursi yuzasidan yakunda ishtirokchilarning taklif va tavsiyalari tinglandi hamda olingan bilimlar test sinovlari orqali mustahkamlandi.
O‘zbekiston Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Lolaxon Ahmedova tomonidan ishtirokchilarga o‘quv kursini tamomlagani bo‘yicha Sertifikatlar topshirildi.
Shohsulton To‘xtamatov,
jurnalist.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: