Gʻoliblar viloyat bosqichida kuch sinashadi
Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Dang‘ara tuman kengashi tomonidan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida ta’lim muassasalari xodimlari o‘rtasida “Sog‘lom tanda — sifatli ta’lim” shiori ostida Kasaba uyushmalari kubogi sport musobaqasining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ishtirokchilar sportning shaxmat, shashka, stol tennisi, voleybol va futbol turlari bo‘yicha bellashdilar.
Baxslar bir-biridan qiziqarli kechdi. Yakkalik baxslarda o‘z kuchiga ishongan ishtirokchilar raqiblaridan ustun kelib, viloyat bosqichida ishtirok etishni naqd qilgan bo‘lsa, jamoaviy baxslarda birlashib harakat qilgan jamoalar shoxsupaning yuqorisidan joy oldilar.
Shu tariqa birinchi o‘rinni egallagan ishtirokchilar viloyat bosqichida hamkasblari bilan kuch sinashishadi.
— Hamkasblarim o‘rtasida bo‘lib o‘tgan musobaqa judayam qiziqarli o‘tdi. Ochig‘i, bir-birimiz bilan bellashib, maza qildik. Men shaxmat musobaqasida g‘olib bo‘lib, viloyat bosqichida ishtirok etadigan bo‘ldim. Nasib qilsa, viloyatda ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritishga harakat qilaman, — deydi Dang‘ara tumani 22-maktab Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Abdurashid Mamatov.
Musobaqa yakunida 1-o‘rindan tortib, 4-o‘rinni qayd etgan barcha ishtirokchilarga tuman kengashining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: