FAXRIYLAR HAMISHA E’ZOZDA
2023-2024 o‘quv yili oldidan tashkil etilgan “Ikkinchi ustozlar milliy forumi”da viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan joriy yilgi o‘quv mavsumi “Farg‘onada ta’lim faxriylarini e’zozlash yili” deb e’lon qilingan edi.
Faxriylarni har tomonlama e’zozlash va ularga ko‘mak ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan ta’lim sohasida uzoq yillar mehnat qilib, soha rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, bor kuch-g‘ayrati va shijoatini yosh avlod tarbiyasiga bag‘shida etgan, hozirda keksalik gashtini surayotgan sharafli kasb egalariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatildi.
Viloyat kasaba uyushmalarining xayrli tashabbusi bilan 50 nafar faxriylarga viloyatning so‘lim go‘shasida joylashgan “Nurafshon” sihatgohiga bepul yo‘llanmalar taqdim etildi. Endi ular 10 kun davomida mazkur sihatgohda dam olib, salomatliklarini tiklaydilar.
Ularning sihatgohda tibbiy muolajalarni o‘z vaqtida qabul qilishlari, maroqli hordiq chiqarishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. Qolaversa, faxriylar uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va konsert dasturlari ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Farg‘ona viloyati kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev faxriylar bilan suhbatlashar ekan, viloyatda ta’lim tizimini har tomonlama rivojlantirishda, yoshlarning barkamol avlod bo‘lib ulg‘ayishida fidoyi ustozlarning o‘rni, boy tajribasi muhimligini ta’kidladi.
— Men qariyb 50 yil Qo‘shtepa tumanidagi 27-maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga saboq berdim. Shu kasb orqasidan obro‘-hurmat qozondim, — deydi Mamlakatxon Hojimatova. — Mehnat qilgan inson hamisha e’tirof etilar ekan. Kamtarona mehnatim qadrlanib, “Xalq ta’limi a’lochisi”, “El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlandim. Inson keksaygan sari mehrga tashna bo‘lib qolar ekan. Buni qarang, kasaba uyushmalari biz ta’lim sohasi faxriylarini jam qilib, go‘zal sihatgohga yo‘llanma berib, bizni xushnut etdi. Mana bugundan muolajalarni olishni boshladik. Bir so‘z bilan aytganda, kasaba uyushmalari qadrdon hamkasblarim bilan diydorlashtirdi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: