FAOLIYATIMIZ MEZONI: KUCHLI IRODA, BIRLIK VA HAMJIHATLIK!
Noyabr oyi mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlarga boyligi bilan tarixga kirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi yalpi majlisi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlislarida Prezident ishtirokida muhokama qilingan barcha tashabbus va rejalar, ularda ilgari surilgan g‘oya, maqsad va vazifalarni xalqimiz o‘zgacha hayajon bilan kuzatdi, desak yanglishmaymiz.
Mustaqil diyorimiz ertasiga daxldor masalalar ko‘tarilgan, istiqboldagi rejalar uchun muhim tashabbuslar ilgari surilgan Prezidentimizning nutqlari Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi Murojaatnoma bo‘ldi deyish mumkin.
Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova shu kunlarda Farg‘ona viloyatida bo‘lib Yurtboshimizning nutqlarida ilgari surilgan g‘oya va maqsadlarni mehnat jamolariga, keng jamaotchilikka yetkazmoqda.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizning taqdiri, kelajagimiz va yoshlar manfaatlari uchun muhim bo‘lgan juda dolzarb masalalar ilgari surilgani qayd etildi.
– Yurtboshimizning hozirgi tahlikali vaziyatda biz faqat kuchli iroda, birlik va hamjihatlik, qattiq mehnat bilangina yurtimizda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga erisha olamiz, degan fikrlari zamirida juda chuqur ma’no bor, – deydi Senator Orzigul Qozixonova. – Haqiqatan, hamjihatlik bilangina biz mavjud muammolarga yechim topishimiz va olg‘a qarab yurishimiz mumkin. Bu – deputat va senatorlarning xalqqa yaqin bo‘lishi va, o‘z navbatida, xalqimizning o‘z vakillariga ishonishi va qo‘llab-quvvatlashiga ham bog‘liq.
Prezidentimiz qonunlarni qabul qilishda ularning xalqchilligiga, inson manfaatlarini yuqori tutishga va xalqqa xizmat qilishiga alohida e’tibor qaratish zarur ekanligini qayd etdilar. Shu maqsadda tashkillangan davra suhbatida yurtdoshlarimiz hayotbaxsh islohotlardan mamnun ekanliklarini, islohotlar zamirida insonlarni rozi qilishdek ulkan vazifa turganini ta’kidladilar.
Senatorlar tomonidan Yurtboshimizning ma’ruzalarining mohiyatini xalqimizga yetkazishga bag‘ishlangan tadbirlar mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: