Ekoshaharda targ‘ibot tadbiri tashkil etildi
Bugun Farg‘ona shahri kundan-kunga chiroy ochib bormoqda. Ayniqsa, Ekoshaharning bunyod etilishi esa shahar ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shmoqda.
Ayni paytda ushbu shaharda kishi havasini keltiradigan turar joy majmualari qad rostlagan. Maktab, bog‘cha, ko‘ngil ochar maskanlarning qurilayotgani esa aholi uchun yana bir qulaylik bo‘lmoqda.
Albatta, bunyodkorlik ishlarida quruvchilarning alohida o‘rni bor. Ularning mehnatisiz biror bir binoni qurishning imkoni ham, ilojisi ham yo‘q.
Bugungi kunda Transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati kengashi tasarrufida 259 ta korxona bo‘lib, unda 12 mingdan ortiq kasaba uyushma a’zosi mehnat qiladi. Ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mehnatini muhofaza qilish esa tarmoq kasaba uyushmasining asosiy vazifasiga aylangan.
Transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari respublika Kengashi raisi o‘rinbosari Shuhrat Muhammedxanov bunyodkorlik ishlari avj olgan Ekoshaharda bo‘lib, bu yerdagi qurilish ishlari bilan tanishdi. Yangi shaharning bunyod etilishida ishtirok etayotgan quruvchi-ustalar bilan suhbatlashdi. Ularga yaratilgan ish sharoiti bilan tanishdi. Qizg‘in suhbat davomida quruvchi-ustalarga kasaba uyushmaga a’zo bo‘lishning afzalliklari tushuntirildi.
Shundan so‘ng bunyodkorlik ishlarini amalga oshirayotgan qurilish tashkilotlari rahbarlari va quruvchi-ustalar o‘rtasida kasaba uyushmaga a’zolikning afzalliklarini tushuntirish bo‘yicha muloqot uchrashuvi tashkil etildi.
Unda Transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari respublika Kengashi raisi o‘rinbosari Shuhrat Muxammedxanov, tarmoq kasaba uyushmasi respublika Kengashi bosh mutaxassisi Shoxista Choriyeva, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev ishtirok etib, kasaba uyushmasiga a’zolik afzalliklari keng va aniq misollar bilan tushuntirib berildi.
Albatta, tashkilotlarda kasaba uyushma qo‘mitasining tuzilishi ish beruvchi uchun ham, ishchilar uchun ham birdek foydali bo‘ladi. Chunki, xodim kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lsa, uni kasaba uyushmasi har jihatdan himoya qiladi. Aytaylik, huquqlari buzilsa, oylik ish haqini o‘z vaqtida ololmasa va boshqa shu kabi holatlarda kasaba uyushmalari ularni manfaatlarini himoya qiladi.
Ish beruvchilar va usta-quruvchilar bilan muloqot samarali bo‘ldi. Ish beruvchilar ham o‘z tashkilotlarida kasaba uyushma qo‘mitasi tuzilishidan manfaatdor ekanliklarini, usta-quruvchilarning o‘zlari ham kasaba uyushmaga a’zo bo‘lishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
To‘g‘rida, ishchilar kasaba uyushmaga a’zo bo‘lish bilan ko‘pgina imtiyozlarga ega bo‘ladi. Avvalo, munosib sharoitda mehnat qilish, vaqtida dam olish, mehnat ta’tiliga chiqish, sayohatlarga borish, ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etish, sihatgohlarda dam olish imkoniyati bo‘ladi.
Shunisi aniqki, ish beruvchilar va usta-quruvchilar bilan bo‘lib o‘tgan muloqot uchrashuvi tashkilotlarda boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi tuzilishiga va a’zolar soni ko‘payishiga xizmat qildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: