Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining 5 nafar xodimi ishga tiklandi
Yagudina Nailya 1995 yildan buyon Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining atrof-muhitni ifloslanishi monitoringi bo‘limida birinchi toifali mutaxassis vazifasida ishlab keladi. Nafaqaga chiqishiga endigina 4 oy qolganida Farg‘ona viloyati Tabiat resurslari boshqarmasining 2023 yil 18 maydagi tegishli buyrug‘i bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksining 161-moddasining 2-qismi 2-bandiga asosan bekor qilinadi.
Yagudina Nailya bilan yana bir guruh hamkasblari ishdan bo‘shatiladi. Bundan norozi bo‘lgan ishchi-xodimlar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashiga mehnatga oid buzilgan huquqlarini tiklashda amaliy yordam so‘rab murojaat qiladilar.
Ishchi-xodimlarning arizasi kengash raisi tomonidan nazoratga olinib, kengash yuristlari tomonidan ishchi-xodimlarning buzilgan huquqlarini tiklash choralari ko‘rildi.
Murojaat o‘rganilganda, tashkilot kasaba uyushmasining yig‘ilishi ishchi-xodimlar ishtirokisiz o‘tkazilgani, mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi taqdimnoma xodimlar ishtirokida muhokama qilinmagani aniqlandi. Natijada ish sudgacha yetib bordi.
Farg‘ona viloyat sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining sud majlisida Yagudina Nailya, Shaxnozaxon Davlyatova, Shahodat Djuraboyeva, Iqbolxon Qo‘ziboyeva va Svetlana Isroilovalarning qonuniy huquqlari tiklandi.
– O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashining bevosita aralashuvi va amaliy ko‘magi bilan murojaatimiz ijobiy hal etildi. Nafaqa yoshiga yetay deganimda sarson-sargardon bo‘layotgan edim. Yaxshiyam kasaba uyushmasiga murojaat etganim. Qisqa fursat ichida murojaatimizni qonun doirasida o‘rganib, haq-huquqlarimizni himoya qildi. Buning uchun soha xodimlariga o‘z minnaddorchiligimizni bildiramiz, – deydi Yagudina Nailya.
Sud ularni o‘z lavozimlari va lavozimlariga tenglashtirilgan vazifalarga ishga tiklash bo‘yicha qaror qabul qildi. Shuningdek, majburiy progol kunlari uchun ish haqi va ma’naviy zarar uchun jami 100 mln. so‘mdan ziyod pul mablag‘larini to‘lab beriladigan bo‘ldi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar zamirida, avvalo, yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyilining hayotdagi ifodasini aks ettirish, aholining murojaatlariga ijobiy yechim topish va ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadi mujassamdir.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: