Boshlangan ezgu ishlarga kamarbastamiz
Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalo, inson qadriga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir. O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va Respublika nuroniylarining O‘zbekiston xalqiga Murojaati har birimizni yanada jipslikka va ko‘makka muhtoj qatlam vakillariga tirgak bo‘lishga undadi. Bu ezgu tashabbus har bir yurtdoshimizni qiynalgan, yordamga muhtoj insonlarga ko‘makdosh bo‘lishga chaqirdi.
Tan olaylik, O‘zbekistonda aholining kambag‘allik darajasi haqida yaqin-yaqingacha deyarli gapirilmasdi. Boshqacha aytganda, O‘zbekistonda kambag‘allik yo‘q, deb o‘zimizni aldab kelganimiz.
2020 yilda Prezidentimiz tomonidan ilgari aytishga jazm qilinmagan, tan olinmagan, biroq xalqimizni qiynab kelayotgan kambag‘allik va uning iqtisodiy chegaralari ochiq e’lon qilinib, mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish borasida keng ko‘lamli amaliy harakatlar boshlandi.
Kim o‘ylabdi, deysiz “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Mehr daftari” bo‘lishini? Ushbu hayotiy daftarga chindan ham qiynalib yashayotgan, turmush sharoiti og‘ir insonlar kiritildi. Ularning hayotdan rozi bo‘lib, baxtli yashashi, hayotda o‘z o‘rnini topishiga davlatning o‘zi bosh bo‘ldi.
Buning natijasida qanchadan-qancha qiynalgan oilalarning yelkasiga oftob tegdi. Boshlangan xayrli tashabbus sabab hayoti yaxshi tomonga o‘zgarib ketganlari qancha. Eng asosiysi, bugun kambag‘allik qog‘ozda emas, amalda qisqarayotgani kishini quvontirmasdan qolmaydi.
Prezidentimiz boshlab bergan bu ezgu yo‘lda biz ta’lim fidoyilari ham amalga oshirilayotgan ishlarga kamarbasta bo‘lishga bor kuch-g‘ayratimizni ishga solamiz. Zero birlashgan xalqgina murodiga yetadi.
Lolaxon AHMEDOVA,
Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: